Vatan qahramonlarini unutmaydi: Chori Rajabov qanday qahramonlik ko‘rsatgan edi? (video)
2000-yilning iyul-avgust oylarida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida ro‘y bergan voqealar hali yurtdoshlarimizning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. O‘shanda bir guruh jangarilar Tojikiston orqali O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tgan, o‘rtada qonli to‘qnashuvlar yuz bergandi.
Ikki oycha davom etgan janglarda vatanimizning bir qancha mard, dovyurak yigitlari qahramonlarcha halok bo‘lgandi. Shulardan biri katta leytenant Chori Rajabov edi.
U 1966-yili Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tug‘ilgan. O‘smir kezlari harbiy bo‘lishni orzu qilgan. Ammo ota-onasi uning bu qaroriga qat’iy qarshi chiqqan. Bunga o‘sha paytda Sovet armiyasidagi muhit yomon bo‘lgani, ko‘pchilikning umri etnik nizolar tufayli erta xazon bo‘layotgani sabab bo‘lgan esa ne ajab?!
Ammo Chori aka kechroq bo‘lsa-da, baribir orzusiga erishadi, egniga harbiy kiyim kiyadi. Surxondaryodagi voqealar boshlanganda u 34 yoshda bo‘lgan. Maxsus operatsiyalar batalonida xizmat qilgani uchun birinchilardan bo‘lib jangga safarbar qilingan. U janglar tugab, qo‘shin ortga qaytayotgan bir paytda mazkur urushning so‘nggi qurboniga aylanadi.
Yaqinlarining ma’lum qilishicha, katta leytenant Rajabov boshchiligidagi jangovar guruh dushmanlar mahv etilganiga ishonch hosil qilish uchun tog‘li hududni ko‘zdan kechirayotgan vaqtda ular uchayotgan vertolyot jangarilar tomonidan urib tushiriladi. Shu tariqa u va safdoshlari Vatan tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lishadi.
Mard yigit o‘limi uning ota-onasi, jigarlari, oilasini qanchalik qayg‘uga solganini tasavvur qilish qiyin. Axir bir o‘g‘lonni voyaga yetkazib, el koriga yaraydigan qilib tarbiyalab, so‘nggi manzilga o‘zidan oldin ketayotganini kuzatish osonmi? Ne-ne orzular bilar bir yostiqqa bosh qo‘ygan rafiqasining holatini tasavvur qilish-chi!?
Otasi qahramonlarcha halok bo‘lganida biri olti, biri uch yashar bo‘lgan qizchalar haqida-ku gapirmadik. Ularning qalbidan o‘tgan sog‘inchu iztiroblarga Yaratgan, yaqinlari, otasini sog‘inib pinhona to‘kkan ko‘zyoshlariga yostiqlar guvoh. Quvonarlisi, Chori akaning qizlari — Feruza va Nargiza ko‘pchilik orzu qilgandek kamolga yetdi. To‘ng‘ichi Toshkent davlat sharqshunoslik institutida kontrakt asosida, kenjasi esa O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat granti asosida tahsil olmoqda.
Darvoqe, oilaning katta farzandi ta’lim granti yutib, Xitoyning Shanxay shahrida tahsil olayotgan ekan. Shu bois yo‘qlab borganimizda uni uchratmadik. Onasi Zamira opaning aytishicha, u qaytib kelgach, institutdagi tahsilini davom ettirar ekan.
Bu voqealarga ham 18 yil bo‘libdi. Tabiiyki, ko‘ngildagi yaralar ma’lum ma’noda bitgandir. Ammo halok bo‘lgan odam qaytib kelmaydi, uning o‘rnini boshqa birov to‘ldirolmaydi. Biroq ayriliq azobini ko‘rgan shikasta ko‘ngillar bir og‘iz shirin so‘z, ozgina e’tibordan ham tog‘day yuksaladi. Shu bois ham Rajabovlar oilasi davlatimizning g‘amxo‘rligini doim his qilib keladi.
Mudofaa vazirligi, xususan, Olmazor tumani mudofaa ishlari bo‘limi bu xonadondan tez-tez xabar olib turishini eshitib, ochig‘i, quvondik. Umrini Vatan himoyasiga bag‘ishlagan inson borki, shu yo‘lda jon fido qilsa oilasi ko‘chada qolmasligini bilsa, nomi unut bo‘lmasligiga amin bo‘lsa, bu uning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shishi shubhasiz.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «UZMOBILE» milliy aloqa operatori bilan hamkorlikda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazgan tanlovning «Instagram» tarmog‘ida tashkil etilgan 5-yo‘nalishi natijalari bekor qilingani haqida xabar bergan edik. Ortib qolgan noutbuk zimmasidagi burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oilasiga taqdim etilishini ham ma’lum qilgandik.
Ana shu noutbukni Mudofaa vazirligining tavsiyasiga ko‘ra Olmazor tumani mudofaa ishlari bo‘limi vakillari bilan birga Vatan sarhadlari himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan katta leynetant Chori Rajabovning oilasiga topshirdik! Umid qilamizki, tanlovimizning 5-yo‘nalishi bekor bo‘lganidan norozi bo‘lgan o‘quvchilarimiz bu qarorimizni qo‘llab-quvvatlashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter