Germaniyada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) «O‘zbekistonda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlash uchun tibbiy va texnik xodimlarning malakasini oshirish» loyihasida ishtirok etmoqda.
19-fevral kuni Gamburg shahrida loyiha ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan «2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziriligi axborot xizmati xabar bermoqda.
«So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bilan «2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi» tasdiqlangani hamda shu asosda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish va moliyalashtirishning butunlay yangi tizimiga o‘tkazilayotganini ta’kidlashdi. Shuningdek, taqdimotda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga yuqori texnologiyalarni sotib olish bo‘yicha shartnomalarni tayyorlash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi»,-deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik mutaxassislar Germaniya tibbiyot modelini o‘rganish orqali O‘zbekistonda sohani yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirishda ikki mamlakat mutaxassislari hamkorligini yanada jadallashtirish lozimligini ta’kidladi.
27-fevralga qadar davom etadigan tashrif davomida delegatsiya a’zolari Germaniya sog‘liqni saqlash tizimida moliyalashtirish masalalari va boshqarish usullari, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni boshqarish tamoyillari bilan yaqindan tanishadi. Bundan tashqari, mamlakatning yetakchi tibbiyot muassasalarini, tibbiy ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter