Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uyma-uy yurish orqali 2 milliondan ortiq xonadon muammosi o‘rganildi

Uyma-uy yurish orqali 2 milliondan ortiq xonadon muammosi o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5633-sonli Farmoni va 8 yanvardagi «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4102-sonli qarori talablari asosida belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda.

Sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida sektorlarning «tuman (shahar) – viloyat – respublika» asosida ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish hamda faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida vertikal boshqaruv tizimi joriy etildi.

2019 yil 1 fevraldan boshlab muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishni yangi tizimiga asosan Xalq qabulxonalari, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, respublika hududlaridagi barcha tuman va shaharlar sektorlarida o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Aholi muammolarning o‘rganilishi hamda ularning o‘z vaqtida yechimi topilishi bevosita Prezident Administratsiyasi tomonidan nazoratga olingan.

Joriy yilning aprel holatiga Respublika bo‘yicha jami 2,6 mln. dan ortiq xonadonlar o‘rganilib, muammosi mavjud bo‘lgan 261,2 mingta xonadonda yashovchi fuqarolar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida 273,4 mingta turli yo‘nalishdagi masalalar aniqlangan.

Aniqlangan muammolarning eng ko‘pi bandlik (19,9%), suyultirilgan gaz (gaz ballon) yetkazib berish (16,4%), sog‘liqni saqlash (9,9%), uy-joy (9,8%), bank krediti (5,8%), moddiy yordam (5,7%), kadastr (4,1%), ichimlik suvi (2,9%), elektr energiya ta’minoti (1,9%), tabiiy gaz (1,6%), pasport (1,3%), maktabgacha ta’lim (1,6%) bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri keladi.

Joylarda uyma-uy yurish natijasida aniqlangan aholini qiynab kelayotgan muammolarni sektor rahbarlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar xodimlari birgalikda hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Misol tarzida Farg‘ona viloyati Qo‘qon shaharida olib borilgan hayrli ishlarni keltirsak bo‘ladi. Xususan, 21 ta mahalladagi ichki yo‘llarda 1,8 km. asfalt yotqizildi, 3 100 metr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarining 450 kv. metri ta’mirdan chiqarildi. Mazkur maqsadlar uchun 1,7 mlrd. so‘m sarflandi.

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sifatini yaxshilash maqsadida 3150 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 80 ta ko‘p qavatli uyda suv bosimi yaxshilandi. 2 572 metr kanalizatsiya tarmog‘i yangilandi.

Shuningdek, gaz bosimi past bo‘lgan 27 ta mahalla fuqarolar yig‘inining gaz bosimi yaxshilandi, 52 ta maishiy gaz balloni tarqatildi va aholi ehtiyojiga ko‘ra 28.3 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Kam ta’minlangan oilalarga 15 ta gaz hisoblash uskunasi o‘rnatildi.

Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 8 ta TP o‘rnatildi, 450 ta tayanch keltirilib, 119 tasi o‘rnatildi, 5 km. SIP provodlar tortildi, jami qurilish ishlariga 2,4 mlrd. so‘m sarflandi.

Shahardagi 39 ta ko‘p qavatli uyning tom, fasad, yerto‘la va kirish yo‘laklarini ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalarini qurish ishlariga 1,4 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi.

Uy-joyga muhtoj bo‘lgan shahar aholisini uy bilan ta’minlash maqsadida 24 ta 1100 kvartirali ko‘p qavatli arzon uylar qurilib, o‘zi egalariga topshirildi.

Aholining salomatligini tiklash va muhofaza qilish ishlari ham diqqat-e’tiborda. 14 241 nafar fuqaro to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 607 nafarini nogironlar, 1112 nafarini pensionerlar, 2289 nafarini kam ta’minlangan ehtiyojmand fuqarolar tashkil qiladi. Kasallik aniqlangan 3 346 nafar fuqaro ambulator, 122 nafari shifoxonaga davolanishga yotqizildi, 23 nafari viloyat va 3 nafari respublikaning ixtisoslashtirilgan shifoxonalariga jo‘natildi. Shu bilan birga 59 nafar fuqaroga nafaqa tayinlandi.

Albatta, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga qaratilgan ushbu tizim davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining xalqqa yaqin ko‘makchi bo‘lishiga, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, sektorlar doirasida ishlarni tashkil etish sifatini oshirishga keng imkoniyatlar yaratadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring