Qahraton qishda uyi butkul yonib ketgan oila yurtdoshlarimizning madadiga muhtoj (video)
2017-yil. 6-dekabrdan 7-dekabrga o‘tar kechasi. Soat tonggi to‘rtlar atrofi. Toshkent shahri, Shayhontohur tumani, Ko‘hota mahallasi Soybo‘yi ko‘chasi 34-uy. 78 yashar Tursunov Xudoyberdi bomdod namoziga turib, tahorat olgani chiqqanida hovlidagi isitish tizimi pechi gurillab yonib yotganini ko‘rib pasaytiradi. Keyin hammomga o‘tsa, suv isitadigan pechda ham shu ahvolni ko‘rib, uniyam pasaytiradi.
Tahorat olib hovliga chiqqanida mehmonxona tarafdan olov chiqib, uy yona boshlaganini ko‘radi. Zudlik bilan uydagilarini uyg‘otadi, o‘t o‘chirish xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishadi, o‘zlari olovni o‘chirishga harakat qilishadi.
O‘t o‘chirish xizmati 4:45 larda yetib keladi. O‘t o‘chiruvchilar kechikib kelishgani, qolaversa, mahallada yong‘in paytida foydalaniladigan suv tizimi bo‘lmagani bois qimmatli daqiqalar boy beriladi. Hech narsani asrab qolishga ulgurisholmaydi. Uy butkul yonib ketadi.
Kechasi gaz bosimining ko‘payib ketishi natijasida kelib chiqqan yong‘in tufayli kuyib kul bo‘lgan xonadonda 3 ta oila yashagan. Yaratganning inoyati bilan barchalari omon qolishgan. Ammo kiyim-bosh, ko‘rpa-to‘shak, hujjatlar, ro‘zg‘or buyumlari — hamma-hammasi yonib ketgan.
Uyda yashovchilar ayni paytda qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar bergan kiyimlarni kiyim, mahalla-ko‘y, savobtalab insonlar bergan ehson evaziga uylarining yong‘indan nisbatan kamroq zarar ko‘rgan qismida vaqtinchalik boshpana tiklashmoqda. Bu yoqda qish tish qayrab turibdi. Mazkur hudud buziladigan joylar bo‘lgani uchun tuman hokimligi uyni ta’mirlashga moddiy yordam ko‘rsatolmagan, yangi uy berish masalasi esa undan ham qiyinroq.
Boshiga tushgan kulfatdan qattiq qattiq iztirobga tushgan xonadon sohibi — Tursunov Xudoyberdi aka 8 dekabr kuni insult bo‘lib qoladi. Bir necha kun jonlantirish bo‘limida, bir haftadan ko‘proq shifoxonada yotib, davolanib chiqadi. Uylariga ilk marta borgan vaqtimizda shifokorlar ko‘rsatmasiga muvofiq qimirlamay yotgan ekanlar.
Achinarlisi, shifoxonadan chiqqanlariga bir necha kun o‘tgan bo‘lsa ham hududdagi oilaviy poliklinikadan hech kim chiqib, patronaj xizmati ko‘rsatmagan, bemorning holidan xabar olmagan.
Shu yilning 23-dekabr kuni borganimizda biroz bo‘lsa-da xursand qiladigan voqeaning guvohi bo‘ldik. O‘tgan safar o‘rinlaridan qo‘zg‘ala olmay yotgan Tursunov Xudoyberdi aka yura boshlabdilar.
Hayajonlanish mumkin bo‘lmagani, qolaversa, insult asoratlari to‘liq tuzalmagani bois u kishini ko‘p urintirmaslikka qaror qildik. Shundayam bizni ko‘rib yana ko‘zlari yoshlandilar, shu paytgacha kelib, ozmi-ko‘pmi moddiy-ma’naviy yordam berib ketayotganlarni uzoq duo qildilar.
«O‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asra», deb bejiz aytishmaganini Tursunovlar xonadoni boshiga tushgan kulfat misolida ham anglash mumkin. Buni hech kimning boshiga solmasin. Xalqimiz azaldan boshiga mushkul tushgan millatdoshi, dindoshini yolg‘izlatib qo‘ymagan. Shukurki, bundaylar bugun oramizda ham ko‘p!
Ozgina yordamingiz bor-budidan ayrilgan odamlarning xufton ko‘nglini shamchiroq kabi yoritishini unutmang. Qurbingiz yetganicha yordam qiling. Bee’tibor bo‘lmang. Bu Sizu bizning ham boshimizga tushishi mumkin edi. Keling, birgalikda shu oilaga qo‘limizdan kelgancha yordam beraylik.
Uy manzili: Shayxontohur tumani, Soy bo‘yi ko‘chasi, 34-uy.
Telefon: (+99894) 622-40-77 (Xudoyberdi akaning qizi Tursunova Gulnoraning raqami)
Plastik karta raqami:
8600303637634747
Trastbankdagi hisobraqam:
22618000699025494001
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter