Uyi bo‘lsa — propiskasi yo‘q, propiskasi bo‘lsa — uyi yo‘q...
Yurtimizda ko‘pgina soha xodimlarining ijtimoiy muhofazasi yo‘lida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Yashash sharoiti yaxshilangan, ko‘ngli to‘q har qanday mutaxassis jamiyatga ko‘proq foyda keltirishi — inkor etib bo‘lmas haqiqat. Masalan, xalq ta’limi, sud tizimi xodimlari, harbiylar uchun yaqin ikki yil davomida ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilindi, shart-sharoitlar, imtiyozlar yaratildi. Ularning nafaqat maoshi ko‘tarildi, balki arzon uy-joy uchun ipoteka kreditlari ajratildi, shaxsiy mashina va yer uchastkasiga ega bo‘lishlari uchun imtiyozlar berildi.
Ammo katta qatlamga ega bo‘lgan jurnalistika sohasi xodimlarining na oylik maoshi ko‘tarildi, na uy olishlari uchun kredit berildi. Poytaxtda eng ko‘p ishsiz va yashash sharoiti haminqadar bo‘lgan soha ham jurnalistika.
Jurnalistlarning shart-sharoiti yaxshilanishi haqidagi gaplarga ishonib yashayotganimizga ham yaqinda ikki yil bo‘ladi. Hamon ishonamizki, yaxshi kunlar hali oldinda. Hali hamon maoshning haminqadarligi, qalam haqining o‘sha-o‘shaligi, qator gazetalar iqtisodiy inqirozga uchrab yopilib ketayotgani — barcha-barchasiga ko‘nikib borayotirmiz. Ko‘nikish esa loqaydlikni, behafsalalikni keltirib chiqaradi.
Jurnalistning yana katta muammolaridan biri uning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatga qo‘yilish masalasi hamon ortga surilayotgani. Vaholanki, poytaxtda qoladigan va ishlaydigan eng ko‘p soha xodimlari jurnalistlar. Aytish mumkin, viloyatlarda ham jurnalistlarga ehtiyoj bor, deb. Ammo jurnalistlar uchun viloyatlarda ish masalasi muammo. O‘zbekiston milliy universitetini bitirgan har qanday mutaxassis o‘qituvchi bo‘lib ishlashi mumkin, ammo jurnalistda bu imkoniyat yo‘q. O‘qituvchi jurnalistika sohasiga aralashishi mumkin, ammo jurnalistning diplomi o‘z sohasidan boshqa joyga o‘tmaydi. Tuman gazetasida uzog‘i bilan besh, viloyat gazetasida uzog‘i bilan o‘n nafar ijodiy xodim ishlaydi. To nafaqaga chiqib ketgunicha. Har yili jurnalistika fakultetini bitirayotgan mutaxassislar media markaz, OAVning koni bo‘lgan poytaxtga intiladi. Agar Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida ro‘yxatda turmaydigan jurnalistlar o‘z viloyatlariga jo‘natib yuborilsa, bu yerdagi gazeta, jurnal, saytlarda kadrlar taqchilligi yuzaga keladi. Shunday ekan, viloyatdan kelib ishlayotgan jurnalistlardan propiska talab qilinishi to‘g‘rimi?
Bu toptalish yillab davom etadi.
O‘n yil ijarama-ijara yurgach, qarz-havola qilib, to‘kilib ketay degan ikki xonali uyni shahardan bir hamqishlog‘imning nomiga olib, o‘zim Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi qarindoshimnikida ro‘yxatda turganman. O‘n yil davomida o‘z uyimda, bir hamkasbim aytganidek, ijarachidek yashaganman. Har gal qaysidir bayram yaqinlashganida, propiska masalasida tekshiruv o‘tkazilganida jarima to‘layverardik. Bolalar uchun bog‘cha va maktabga hujjat to‘g‘rilashning muammolarini aytmaysizmi? Hamqishlog‘im insofli ayol edi. Butun boshli qarz-havolaga zo‘rg‘a erishgan uyimni birgina insofi ushlab turardi. Birgina mana shu umid bor edi. Ammo oramizda uyini insofsiz odamlar nomiga olib, ajrab qolayotganlar yoki «uyimni qachonlardir propiskaga erishsam o‘zimga qaytarib berarmikan», degan o‘yda tong ottirayotganlar ham yo‘q emas. Hatto yigirma yildan ortiq mana shunday qil ustida yashayotgan hamkasblarimiz bor. Ertalab ishga otlanayotganingda ham shu xayol. Amallab bir qarindosh, tanish topasan, ko‘ziga mo‘ltirab bir yilga yoki olti oyga bir qancha hujjatlar to‘g‘rilab ro‘yxatga turasan, yengil tortgandek bo‘lasan, lekin muddat o‘ta boshlagach, yana miyangda o‘sha muammo aylanaveradi, eng yomoni, yuzingni sidirib, istiholalaringni chetga surganday bo‘lib, yana o‘sha tanishingga mo‘ltiraysan. Bu toptalish yillab davom etadi. Birovning uyida ro‘yxatda turib sarg‘ayishing bir tomon bo‘lsa, birovning nomiga uy olib, unga insof tilab yurishing bir tomon. Uyning hujjatlari, to‘lovlari barcha-barchasi uchun sening uyingning qog‘ozdagi egasi bo‘lgan o‘sha hojatbaror insonning imzosiga mahtal bo‘lasan.
Xo‘sh, mana shuncha yillar davom etadigan muammolar girdobida yashayotgan jurnalist erkin so‘z aytish davri kelganida otilib, maydonga chiqa oladimi? O‘z muammolarini hal qilolmayotgan bir paytda qaysi murojaatchining dardiga malham bo‘la olsin? Arzchining muammosi uchun kurashayotganda ikkinchi tomon o‘zini surishtirib qolmasmikan, degan hadikda turishini tasavvur qilayapsizmi? Qolaversa, yillab davom etadigan bunday muammolar har qanday odamni loqayd kimsaga aylantiradi.
Bugun jurnalistika sohasining to‘rtinchi hokimiyatga aylanishidan umidvormiz. Ammo to‘rtinchi hokimiyatga aylanmoqchi bo‘lgan jurnalistika sohasi xodimlarining ko‘pchiligi uysiz yoki na Toshkent shahri, na Toshkent viloyatida ro‘yxati yo‘q.
Xodimlarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat organlari va boshqa davlat tashkilotlari soni 75 taga yetibdi. Vazirlikdan tortib turli qo‘mitalargacha, agentlikdan tortib kompaniyalargacha, aksiyadorlik jamiyatlariyu Yoshlar ittifoqi kiritilgan ro‘yxat nima uchun jurnalistika sohasi xodimlariga berilmasligi kerak? Vaholanki, jurnalist bilan hamkorlik qilmaydigan tashkilotning o‘zi yo‘q. Muammosi bormi, yutug‘i bormi — jurnalist yozadi, ko‘tarib chiqadi. Aslida ro‘yxatning boshida jurnalistlar turishi kerak emasmi? Ushbu ro‘yxat orasida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ham bor. Qizig‘i, bu yechim poytaxtga faqat telejurnalistlar kerak, degan fikrni uyg‘otadi.
Bugun jurnalistning boshida majburiy obuna masalasi ko‘ndalang, bugun yaxshi gazetalar yopilish arafasida turibdi, bugun qaysidir jurnalist poytaxtdagi uzoq sargardonlikdan keyin o‘z yurtiga ravon bo‘lgan. Ammo biladiki, uni uyoqda hech kim bag‘rini ochib kutib olmaydi.
Bugun jurnalistning uyi bo‘lsa — propiskasi yo‘q, propiskasi bo‘lsa — uyi yo‘q.
Ammo davlat, jamiyat jurnalistdan umidvor, madad kutadi. Jurnalistning jamiyatimizdagi muammolarni ko‘tarib chiqishini, islohotlarni xolis ko‘rsatib, ularda ijtimoiy fikr uyg‘otishini kutadi. Jurnalistning o‘zi esa, barcha muammolarga ko‘z yumib, o‘zining og‘riqli muammosi bo‘lgan propiska masalasi hal bo‘lishini kutadi... O‘ziga yeng bo‘lmagan birovga en bo‘lganmi?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter