USAID O‘zbekistonda migrantlarga ko‘mak beruvchi ikkinchi markazni ochdi
18-yanvar kuni Samarqand shahrida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) shafeligida migrantlar va ularning oilalari uchun ikkinchi axborot-maslahat markazi ochildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand quyi komissiyasi va «Istiqlol avlodi» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan markaz mehnat migrantlarini chet elda odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanishining oldini olish uchun axborot bilan ta’minlaydi. Shuningdek, xorijdan qaytgan mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolariga huquqiy maslahat berib, kasb-hunar ta’limini tashkil qiladi, psixologik xizmat ko‘rsatadi.
Markazning ochilish marosimida so‘zga chiqqan USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi Demokratiya va boshqaruv bo‘limi rahbari Fey Hazelkorn xalqaro agentlik, O‘zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati hamkorligini ijobiy baholagan.
Migrantlar resurs markazlari «Winrock International» tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya dasturining bir qismidir. Dastur odam savdosining oldini olish, undan jabrlanganlarni himoya qilish va xabardorlikni oshirish orqali xavfsiz migratsiyani targ‘ib etishga qaratilgan.
Xalqaro agentlik 2022-yil mart oyida Jizzaxda migrantlar va migrantlarning oilalari uchun birinchi axborot-maslahat markazini ochgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, Jizzaxdagi markaz o‘shandan beri odam savdosining potensial jabrlanuvchilari va migrantlar oilalarining 120 ga yaqin murojaatini ko‘rib chiqdi, odam savdosidan jabr ko‘rgan 16 kishiga vatanga qaytishda yordam ko‘rsatdi. Murojaat etuvchilarga maslahatlar berilib, yuridik va ijtimoiy xizmatlar taqdim qilindi.
Avval xabar berganimizdek, 2005-yildan buyon AQSh hukumati USAID orqali O‘zbekistonda odam savdosi to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirish va undan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun 9,6 million dollardan ziyod mablag‘ ajratgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter