Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Un, yog‘ va shakarning narxi «osmonga sapchiy boshladi». Xabar.uz surishtiruvi

Un, yog‘ va shakarning narxi «osmonga sapchiy boshladi». Xabar.uz surishtiruvi

Foto: Xabar.uz

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari  muhim mahsulotlar narxlari oshganidan shikoyat qila boshladilar. Ayniqsa, Rossiya va Qozog‘istondan kirib keladigan oziq-ovqatlar qimmatlagani xabar qilindi.

Xabar.uz muxbiri bu mavzuni o‘rganish maqsadida poytaxtdagi bozorlarni o‘rgandi.

Surishtiruvning asosiy obyekti bo‘lgan Uchtepa tumanidagi «Farhod» dehqon bozorida besh litrlik «Zateya» o‘simlik yog‘i 128-130 ming so‘mdan sotilmoqda. O‘simlik yog‘ining hamyonboproqlari 115 ming so‘mdan ham bor (besh litr hisobida).

O‘zini Umidjon deya tanishtirgan sotuvchi yigit uch kungina avval 130 ming so‘mlik yog‘ 115 ming so‘m atrofida sotilganini, narxlar yana oshishi ehtimoli borligini bildirdi. Uning aytishicha, bu yuklar Rossiya va Qozog‘iston orqali kelayotgani va ushbu davlatlar qo‘yayotgan cheklov bilan bog‘liq.

Avvalroq Rossiya o‘z donini YeOII mamlakatlariga eksport qilishni 30 iyunga qadar taqiqlagani, so‘ngra, ushbu davlatlardan don eksportini to‘xtatishni so‘ragani aytilgandi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta yog‘larining besh litri 100-105 ming so‘m atrofida.

Bozorda 25 kilolik Qozog‘iston oliy navli uni 232 ming so‘mdan sotilmoqda. Vaholanki, bir yil avval bu narxga ellik kilolik oliy navli un sotib olsa bo‘lardi.  Besh kilolik oliy navli «Altin dan» uni 55 ming so‘mga baholangan.

Foto: Xabar.uz

«Farhod» bozorida arzonlashtirilgan yarmarka ham yo‘lga qo‘yilgan, u yerda navbatlar ham kuzatilmoqda. Bu yerda oliy navli un 5 500 so‘m, go‘sht 51 900 so‘m, tovuq go‘shti 26 900 so‘m, shakar 9000 so‘mdan sotilmoqda.

Foto: Xabar.uz

Kartoshka narxlari ham «qimirlagan». Sifatli yangi kartoshka 8500-9000 so‘m (ko‘proq olinsa 8000 ming so‘mga ham berishga tayyorliklarini bildirishdi). Eski va mayda kartoshkalar 3500-3000 so‘m atrofida.

Mol go‘shtlari o‘rtacha 70 ming so‘m, qo‘y go‘shti esa 85 ming so‘mdan sotilmoqda (kilogramm hisobida). Shuningdek, ayrim joylarda 60 ming so‘mga ham mol go‘shti sotilmoqda.

«O‘rikzor» oziq-ovqat bozorida shakar 15 ming so‘mgacha, o‘simlik yog‘i esa 110-135 ming so‘mgacha sotilmoqda (besh litr hisobida).

Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi ham avvalroq ushbu mahsulotlarning bozordagi narxlarini (minimum-maksimum) taqdim etgan. Unga ko‘ra, o‘simlik yog‘i (1 l) 15 400 – 28 000 so‘m, shakar (1 kg) 9000 – 14 000 so‘mni tashkil qilgan.

Ta’kidlash joizki, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekistonga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, soya danagini olib kirish, shuningdek, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati 2022-yil 31-dekabrgacha uzaytirilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring