Umrining 16 yili qamoqda o‘tgan yigit tadbirkorga aylandi (foto)
Pop tumanidagi «Pillakash» mahallasi, G‘uncha ko‘chasi, 5-uyda istiqomat qiluvchi Ahrorjon Mamanazarov to‘g‘ri yo‘ldan adashib, turli buzg‘unchi oqimlar ta’siriga qo‘shilib qolganida 25 yoshda edi. 1999-yilda hibsga olinib, 16 yil umri qamoqda o‘tdi. Qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Umri besamar o‘tganini kech bo‘lsa-da angladi. Bugungi kunda xatolarini ezgu amaliy ishlari bilan oqlashga harakat qilmoqda. Bunga mahalla-kuy yaqindan yordam berayapti.
Hovlisida sholini oqlaydigan va bug‘doy tegirmonlarini o‘rnatdi. Bundan olinayotgan foyda hisobidan 13 sotixli tomorqasida plyonka ostida 47 ming to‘p tarvuz, 5 ming dona bodiring ko‘chati parvarishlamoqda. Ko‘chatlar sotuvidan 7,6 million so‘m daromad olishini xomcho‘t qilgan. Tomarqadagi 20 to‘p bodom, 10 to‘p gilos qiyg‘os ochilgan.
— Oliy ma’lumotli injener dasturchi edim, — deydi A.Mamanazarov. — To‘g‘ri yo‘ldan adashib, hayotimni o‘z qo‘lim bilan barbod qilganim yetmaganday, ortimda qolgan yaqinlarim ham jabrini ko‘rishdi. Qilmishlarim tufayli 40 yil davomida o‘qituvchilik qilgan otam maktab direktorligidan bo‘shatilgani yetmaganday, sog‘ligi ham yomonlashdi. Oilamiz el nazaridan chetda qolib ketgandi. Yurtboshimizning oqilona siyosati tufayli bu dardu stamlar ortda qoldi. Mahalla-ko‘y har kuni hol so‘rashadi, ko‘maklarini ayashmaydi. Prezident vakillari xonadonimizga kelib, yashash sharoitlarimiz bilan tanishayaptilar.
Namangan viloyati Pop tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhining 3-guruhi Mamanazarovlar xonadonida bo‘lishganida oiladagi ma’naviy muhit faollarni quvontirdi.
Halol mehnat va ezgu amallari bilan davlatga xizmat qilishni maqsad qilgan A.Mamanazarov mahallada do‘kon ochib, kitoblar savdosini yo‘lga qo‘ydi. Do‘konda badiiy asarlar qatorida dehqonchilik, bog‘dorchilik, asalarichilik, tomorqa madaniyatiga oid qo‘llanmalar va ko‘rgazmali materiallar ham bor.
A.Mamanazarov ishchi guruhiga kam rentabelli yerlardan olib, yong‘oq va bodom ekishni maqsad qilayotganini aytdi. Halol tadbirkor degan sharafli nom ortidan borayotgan ishbilarmonning taklifi tuman hokimligi mutasaddilariga yetkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter