Ularning pand berishi prezidentga qimmatga tushmayaptimi?
Strategik jihatdan muhim nuqtada joylashgan har bir davlatga nisbatan tashqi kuchlar tomonidan siyosiy o‘yinlar, pinhona ichki siyosatga aralashuv hamda davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro ziddiyat keltirib chiqarishga urinish kabi usullar qo‘llanib kelingan va kelinmoqda.
Bu kabi jarayonlar puxta o‘ylangan va uzoqqa mo‘ljallangan rejalar asosida yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, global tarmoqdagi «trollar»ni oling. Internet va oddiygina bitta noutbuk orqali butun boshli mamlakat imidjini ijobiy yoki salbiy jihatdan shakllantirish, davlat rahbari mavqeini jahon miqyosida ko‘tarib berish, yo aksincha, tushirish bugungi kiberdunyoda oddiy holga aylanib bormoqda. Ikkinchi usul sifatida esa «Bo‘lib tashla, hukmronlik qil» shiori ostida mamlakat aholisini davlat rahbariga nisbatan gij-gijlash, xalq orasida prezident siyosatiga nisbatan ishonchsizlik tuyg‘usini keltirib chiqarish va davlat rahbari imidjini salbiy jihatdan shakllantirish yo‘llari keng qo‘llaniladi.
Uyushtiriladigan pikaplar, sahnalashtirilgan janjallar, o‘zi umuman mavjud bo‘lmagan shaxs nomidan xalqaro OAVlardagi chiqishlar, intervyular va shunga o‘xshash narsalarni prezidentlarni obro‘sizlantirishning yorqin misoli sifatida ko‘rishimiz mumkin. Vaholanki, bu kabi «shaxmat doskasidagi yurishlar» yuqorida aytilganidek, tashqi kuchlar tomonidan amalga oshiriladi va doimiy bosim ostida ushlab turiladi. Ayni raqibga qarshi taktik «yurishlar» ikkinchi taraf (davlatlar) tomonidan o‘ylab topiladi va qarshi hujumda ishlatladi. Bu kabi vaziyatga ochiqchasiga siyosiy janglar sifatida qaraladi. Lekin, yana bir ichki «dushman» borki, uning harakatlari yuqorida ta’kidlaganimiz — tashqi bosimdan ham qo‘rqinchliroq va uni yengish juda ham og‘ir kechadi. U ham bo‘lsa — e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik, loqaydlik.
Ayni shu illatlarga har bir davlatda, har bir millatda va jamiyatda rivojlanishning asosiy kushandasi sifatida qaraladi. Nega islohotlar samarasi ko‘rinmayapti, nega prezidentga va hukumatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati sekin-asta shakllanmoqda, kabi barcha savollarning javobi bitta – u ham bo‘lsa e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik, loqaydlik.
Kuchli siyosatchilar hukumat, prezident va xalq orasidagi munosabatni farzand tarbiya qilayotgan ota-ona va aynan shu tarbiya asosida ulg‘ayib kelayotgan farzand orasidagi munosabatga o‘xshatishadi. Sababi shundaki, farzand tarbiyasidagi har bir mayda detal muhim ahamiyatga ega. Ota-ona farzandiga qanchalik yaxshi tarbiya bermasin, uning atrofidagi insonlar unga salbiy munosabatni shakllantirsa, yana qarabsizki, gap tarbiya muammosiga borib taqaladi va yana ota-ona aybdor.
Tushunganingizdek, qaysidir davlat xizmatchisining e’tiborsizligi, loqaydligi, mas’uliyatsizligi uchun fuqaro qarashida yana prezident aybdor va yana hukumat ishlamayotganday. Yangi soliq tizimidan xabari yo‘q soliq yig‘uvchilar deysizmi, qarzdorligi hali isbotlanmay turib fuqarolar mol-mulkini musodara qilayotgan majburiy ijro xodimlari deysizmi, saqich chaynab «navbatingizni kuting» deyishdan uyog‘iga o‘tmaydigan kasalxona xamshiralari, tirbandliklar paytida nazorat qilish o‘rniga haydovchilarning qoida buzishini poylab berkinib turgan DAN xodimlari, talabalarni darsga qiziqtira olmaydigan tajribasiz o‘qituvchi, bolalarni kaltaklab rohatlanadigan bog‘cha opalar, shov-shuv ortidan quvib muammolar bilan ishi yo‘q jurnalistlar, nima ish qilishini haligacha bilmaydigan partiya vakillari deysizmi, umuman olganda, barcha-barchasi fuqarolar va prezident o‘rtasidagi munosabatni belgilab bermoqda. Aynan shu kabi holatlar hukumat va davlat rahbariga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarmayotganmikan?
Muammolari ortidan davlat muassasalariga murojaat qilgan fuqaro davlat xizmatchisidan o‘z xaq-huquqi doirasida yordam kutadi. Lekin, ayrim «osmondan tushgan» va «men xalqning xizmatchisi emas, balki, xalq mening xizmatimda» degan qoloq tushunchaga ega mas’uliyatsiz, loqayd vakolatli shaxs yoxud «kimsa» tomonidan fuqaroning murojaati inobatsiz qoladi. Bu esa, butun boshli davlat tashkilotiga nisbatan salbiy munosabatni shakllantiradi. Natijada mavjud muammo kattalashaveradi, kattalashaveradi va oxiriga borib davlat rahbarining xalq orasida obro‘sizlanishiga, yomon otliq bo‘lishiga va eng ayanchlisi, fuqaro tomonidan hukumatga va prezidentga nisbatan ishonchsizlik shakllanishiga olib keladi. Vaholanki, ishonch bo‘lmagan joyda kelajakka umid bilan qarash o‘rnini umidsizlik va xusumat egallaydi. Bularning barchasi prezident va xalq orasida ko‘rinmas devor vujudga kelishiga zamin yaratadi.
Xalqimizda bir gap bor: «Meniki emas, bizniki deb yasha». Bugun bizga muammo keltirib chiqaradigan emas, aksincha muammoni bartaraf etadigan, har bir fuqaroni o‘z oila a’zosi sifatida ko‘radigan, xalq dardi bilan yashaydigan davlat xizmatchilari kerak. Bugun prezident vatanparvar kadrlarni izlamoqda. Shu ma’nodaki, ular o‘zining ishga bo‘lgan mas’uliyati, faoliyatiga nisbatan jiddiy qarashlari, rivojlanishga bo‘lgan hissasi bilan vatanparvarligini ko‘rsata oladigan bo‘lsin!
Fotih Abdurahimov,
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori o‘rinbosari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter