Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

TV operatoriga «elektroshoker» qo‘llangani aytildi. Nega buncha zo‘ravonlik?

TV operatoriga «elektroshoker» qo‘llangani aytildi. Nega buncha zo‘ravonlik?

So‘nggi paytlarda ichki ishlar organlarining ayrim xodimlari xatti-harakatlari haqida salbiy xabarlar urchib ketdi. Ularning aksariyati aslida xalq suyanishi kerak bo‘lgan IIV vakillarining zo‘ravonligi haqida ketmoqda.

To‘g‘ri, hozircha isbot va dalillar to‘liq oshkor qilingani yo‘q. Masalan, Ohangarondagi holatda ayb kimdaligini bilish qiyin. Prokuratura bodikamerani ko‘ramiz, degan, kutyapmiz. Chunki ko‘p ehtimol bilan marhum haydovchi ham videoga olganu keyinchalik qurilma YPX xodimlari tomonidan «tozalangan» bo‘lishi ham mumkin. Yoki «Paxtakor» stadionidagi janjalni olaylik. Jurnalistlar bir necha IIB vakillari tomonidan kaltaklanganini, operatorga elektroshoker qo‘llanilganini aytgan, IIV esa buni rad etgan. Lekin muxbir va operatorning kameralari va telefonlari tortib olinganini hisobga olsak, ular yana katta ehtimol bilan «tozalangan». Chunki jurnalistlar bekorga bunday jiddiy ayb qo‘yib yozib chiqmasa kerak (zamon.uz saytida berilgan maqola ko‘p o‘tmay o‘chirilgan).

Nega videolar «tozalangani»ga urg‘u beryapman, chunki aynan shu ishni qilishga ulgurmagani uchun Samarqanddagi turistlarga nisbatan qilingan zo‘ravonlik butun dunyoga yoyilib ketdi. Shahar aylanishga borgan qozoq do‘stlarimizning telefonlariga qandaydir yo‘l bilan yetib borisholmagan chog‘i IIB xodimlari.

Bugun esa Andijon IIB xodimi tomonidan shakar savdosini suratga olayotgan Human.uz xodimining (shtatda ishlaydi) xizmat telefoni «videoga olish qonunga zid» degan iddao bilan kuch ishlatish yo‘li bilan tortib olingani haqida xabar tarqaldi. IIV buni ham rad etdi.

E’tiborlisi, «Sevimli» telekanali muxbiri va tasvirchisi holati bo‘yicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bayonot berib, xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib borayotganini bildiradi. Ammo IIV matuot kotibining rasmiy munosabatida «xodimlarga xizmat tekshiruvi tayinlangani» haqida lom-mim deyilmagan. AOKA rasmiy idoralarning rasmiy munosabatlari oxirgi vaqtlarda faqat bir tomonlama berilayotganiga ham e’tibor qilsa, yaxshi bo‘lardi.

Ushbu holatlarga deputat Rasul Kusherbayev munosabat bildirib, jurnalistga nisbatan tahdid va kuch ishlatish holatlari tez-tez uchrab turganini qayd etadi.

«Qonunda jurnalistlarga nisbatan bosim va tahdid ta’qiqlangan bo‘lsa-da, biroq buning uchun alohida javobgarlik shu kunga qadar belgilanmagan», deydi u.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi vakilining IIB xodimlarining jurnalistdan majburan tasvirga olish uskunasini tortib olgan holatini xaspo‘shlashini absurd va mantiqsiz, deb atadi.

Prezidentimiz deyarli har safar gapiradi: jurnalistlar mening himoyamda, deb. Davlat rahbarining gapiga nisbatan shunchalik beparvolik, loqaydlik yoki mensimaslik bo‘lishi mumkinmi? Xulosa o‘zingizdan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring