Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyadan 55 kishi nomiga kelgan pochta aslida bir fuqaroga yuborilgan bo‘lib chiqdi

Turkiyadan 55 kishi nomiga kelgan pochta aslida bir fuqaroga yuborilgan bo‘lib chiqdi

Foto: «Google.com»

«Bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish hamda ushbu qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, shunday holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida respublikamiz bojxonachilari tomonidan muntazam chora-tadbirlar olib borilmoqda», — deb yozadi Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy sayti.

Xabarda aytilishicha, amaldagi tartiblarga rioya qilmasdan turib, pochta jo‘natmalari orqali tijorat maqsadi uchun ko‘zlangan tovarlarni bojxona chegaralari orqali olib o‘tish holatlari uchrab turibdi. Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi «Boshpochtampt» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Turkiyadan yuborilgan pochta jo‘natmalaridagi ma’lumotlarni tahlil qilish davomida ularni shubhalantirgan jihat fosh bo‘ldi. Qarang-ki, jami og‘irligi 1120 kgdan ortiq bo‘lgan ushbu jo‘natmalar 55 nafar fuqarolar nomiga yuborilgan bo‘lsa-da, jo‘natmalardagi manzil va bog‘lanish uchun telefon raqamlar aynan bir xil bo‘lib chiqdi.

Ko‘rinib turibdi-ki, ularni qabul qiluvchi aslida bitta shaxs bo‘lib, bojxona xodimlarini chalg‘itish maqsadida turli ism-shariflardan foydalanilgan.

Shu tariqa qonunbuzarlar pochta jo‘natmalari orqali qiymati 150 mln so‘mlik 3 ming donaga yaqin turli xildagi kiyim kechaklarni olib kirishga urinishgan.

Yana bir holatda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Chuqursoy texnik idora» chegara bojxona posti xodimlari Respublika transport prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro M.Ismatov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) nomiga Xitoy davlatidan kelgan konteynerlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish chog‘ida, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan umumiy qiymati 6690 AQSh dollariga teng «Ishlab chiqarish dastgohlari» bilan birga hujjatlarda ko‘rsatilmagan 3500 dona kosmetika va parfyumeriya tovarlari, 1650 dona cho‘g‘lanma elektrlampalar, 108 tonna shirinliklar hamda xo‘jalik tovarlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Dastlabki ma’lumotlarga asosan ushbu aniqlangan tovarlarning narxi salkam 920 mln so‘mni tashkil etar ekan. Konteynerni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish vaqtida aniqlangan elektr cho‘g‘lanma lampochkalarining quvvati 500 Vt. bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining «Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2015 yil 20 oktyabrdagi 299-son qarori talablariga binoan 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab bu turdagi mahsulotlarni realizatsiya qilish taqiqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring