Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Falastinda yuz bergan fojia bayramni ko‘nglimizda og‘riq bilan o‘tkazishimizga sabab bo‘lmoqda» – Turkiya elchisi

«Falastinda yuz bergan fojia bayramni ko‘nglimizda og‘riq bilan o‘tkazishimizga sabab bo‘lmoqda» – Turkiya elchisi

Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar janoblari Ramazon bayrami tabrigini yo‘lladi.

«O‘zbekistondagi qadrli birodarlarim, barokat va mag‘firat oyi bo‘lgan muborak Ramazon-i sharifning ruhimizni va vujudimizni poklovchi ma’naviy kuchidan to‘liq bahramand bo‘lgan holda, yana bir Ramazon bayramiga yetishish baxtiga muyassar bo‘lib turibmiz.

Mushtarak tamaddunimiz suv ichgan ilmu irfon ummoni bo‘lgan qadim Movarounnahr diyorida Turkiya Respublikasining elchisi sifatida siz aziz birodarlarim bilan o‘tkazgan bu ilk Ramazon bayramim men uchun alohida ahamiyatga ega.

Butun dunyoni o‘z zabtiga olgan COVID-19 pandemiyasi sababli keyingi ikki yil davomida Ramazon oyini va bayramlarimizni avvalgidek katta tantana bilan nishonlamayotgan bo‘lsak-da, bu bayram hamisha bo‘lganidek xonadonlarimizga baxt, birlik-hamjihatlik tuyg‘usi bergan quvonch va baraka olib kirmoqda; qalblarda butun qiyinchiliklarni unuttiradigan bir iliqlik, yuzlarda bayram shukuhi va tabassumini aks ettirmoqda.

Biz Otayurtimiz bo‘lgan shu qadim zamin O‘zbekistonda xotirjamlik va baxt tuyg‘ulari ichra bayramimizni nishonlayotgan bir paytda, dunyoning turli burchaklarida jumladan, Falastinda ma’sum bolalar va begunoh tinch aholi zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Kuni kecha Falastinda yuz bergan fojia bayramni ko‘nglimizda og‘riq bilan o‘tkazishimizga sabab bo‘lmoqda. Ramazon bayramining insonlarni birlashtiruvchi hamda poklovchi kuchi butun Islom olamining va insoniyatning boshiga tushayotgan zulmlarYu talafotlarga barham berishini tilab qolaman.

Shuningdek, dunyo bashariyatining yaqin kelajakda COVID-19 pandemiyasiga qarshi birgalikda zafar qozonib, bundan keyingi bayramlarning barchamizga sog‘lik-salomatlik, baxt-saodat va tinchlik-xotirjamlik baxsh etishini tilayman.

Mana shu fayzli may kunlarida zaminidan baraka ufurib turgan Otayurtimiz O‘zbekistondagi butun qardoshlarimga bayramni shukuh bilan o‘tkazishlarini tilagan holda, barchangizni Ramazon bayrami bilan tabriklayman.

Iyd-i Ramazon muborak bo‘lsin!», deyiladi tabrikda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring