Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Toshqal’a-Toshkent». Bir «domovaya kniga» va oila tarixi

«Toshqal’a-Toshkent». Bir «domovaya kniga» va oila tarixi

Foto: «Google.com»

Yaqinda ota hovlimning «domovaya kniga»si qo‘limga tushib qoldi. 1995-yilda ochilgan ushbu daftarning dastlabki 3 sahifasida oila a’zolarimizning ismi bor. Qolgan sahifalarda xorazmliklar, qashqadaryoliklar, vodiyliklarning uzundan uzoq ro‘yxati turibdi. Uy daftarini varaqlab, bolalik xotiralarim uyg‘onib ketdi.

Yaxshi eslayman, mana bu qo‘shko‘pirlik Allamberganov Rahimbergan aka o‘zi mehnat o‘qituvchisi edi (menga taburetka yasab bergandi), Alisher aka degan tarix o‘qituvchisi ham bor edi, katta sariq kanselyariya daftariga tuppa-tuzuk she’rlar qoralab turardi, kechqurunlari otam va biz bilan tarix bo‘yicha bahslashib turardi. Agrar universitetga kontraktga o‘qishga kirgan mana bu ikki talaba ham aniq-ravshan esimda. Ular hovlimizdagi katta-kichik qurilishlarda ishlagan ustalar edi. Dang‘araliklar beton, qo‘shko‘pirliklar g‘isht quygan, baliqchiliklar suvoq qilgan uyimizda bir necha yil davomida ustalar arimagan. Otam xat-hujjatga puxta viloyatdan kelgan ustalarni biznikiga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yardilar.

Bo‘zsuv kanali bo‘yidagi yangi mahallamizda tez-tez «qochdi-quvdi» musobaqasi o‘tkazilib turardi. Hamma hovli-joy egalari ham ustalarini «propiska» qilgisi kelmas, militsiya ularni yig‘ishtirib olib ketar, yaqinimizdagi «O‘rikzor» bozorida ishlaydigan «propiskasi yo‘q»lar esa qalin issiq suv trubasining ustidan mahallamizga qochib kirib berkinishardi.

Otam uyimizda 10 kun ishlashi aniq bo‘lsa ham ustalarimiz pasportiga 6 oyga «v/p» urib kelardilar, «bularning aybi tirikchilikmi, biznikida ishi tugab, boshqa joyda ishlasa ham sarson bo‘lmay, qo‘rqmay yuraveradi», derdilar.

«Musofirning dilini og‘ritib bo‘lmaydi!» Biz to‘rt farzand ota-onamizdan shu gapni eshitib katta bo‘ldik, har yoz-kuz faslida yangi sheva va urf-odatlarni o‘rgandik. Onam to‘rtala bolasi nima yegan bo‘lsa, ustalar dasturxoniga ham o‘shani qo‘yardi, yakshanba kuni dor-dor kiyimlarimiz qatorida ularning ham yuvilgan ust-boshi turardi.

Balki shuning ta’siridami, maktabda ham, universitetda ham, ishxonada ham eng yaqin dugonalarim — respublikaning turli hududlarida o‘sib-ulg‘aygan qizlar bo‘ldi.

Balki shu tarbiya va muhit sababmi, men... farg‘onalik yigitga ko‘ngil qo‘yib, turmushga chiqdim. 2009 yil oktyabrda to‘yimiz bo‘ldi. Va keyin... nega bu «Toshqal’a-Toshkent»ni yorib o‘tish bunchalik qiyinligini, o‘sha bitta pechat qadrini tushundim.

Xo‘jaynim davlat granti asosida xorijda tahsil olganliklari uchun shartnomaga ko‘ra, o‘zlari yashaydigan hududda 5 yil ishlab berishlariga to‘g‘ri kelardi. Ish joyini Toshkentga ko‘chirish uchun darhol doimiy ro‘yxatdan o‘tish kerak edi. Hammasi oddiydek tuyuldi, hujjatlarni to‘pladilar, tuman IIB ga chiqsalar, doimiy ro‘yxat uchun negadir hujjatlar qabul qilinmayotganini aytishdi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas «doimiy propiska» degan balolar balosi «yopilib qoldi»!

Xo‘jayinim — yangi ish boshlagan xodim, katta va’dalar bilan chetga o‘qishga jo‘natilgan yosh, men esa hali talaba, televideniyeda ishlayman. U kishini ish joyini Qo‘qonga belgilashdi. Bahona — doimiy propiskang yo‘q. «Bu yerda oilam bor axir», degan gap, ZAGS hujjati propiskasiz bir tiyinga teng bo‘lib chiqdi.

Hayot boshlandi.Ikkovimiz oramizda 332 kilometr. Qo‘qon-Toshkent-Qo‘qon yo‘nalishidagi barcha taksi haydovchilari turmush o‘rtog‘imni tanib ulgurdi: har juma kechqurun Toshkentga kelardilar, dushanba tongida Qo‘qonga ishga borardilar. Oilamizga «shanba-yakshanba» deb laqab qo‘ygandik. Bir o‘zim «dom»da yasholmaganim uchun ota uyimdan o‘qishga qatnardim. Mahalladagilar «har kuni sho‘tda-ya» deyishidan uyalib, mashinaning ichida boshimni egib olardim. Kulguli!

Turmush o‘rtog‘im o‘zi ishlaydigan tashkilotning Toshkentdagi bosh ofisi eshigini bir necha marta taqillatdi.

— Seni Toshkentga chaqirolmaymiz, chunki doimiy propiskang yo‘q, ishdan bo‘shashga ham haqqing yo‘q, chunki davlat senga 5 yil davomida 25 ming$ to‘lagan, agar qaytarsang, marhamat!

— Meni markazga chaqiring, demayapman, aytaylik, Chirchiqqa qo‘ying, jon deb ishlayman, faqat kechqurun uyimga, ertalab ishga qatnay olsam bo‘lgani. Axir filiallarimiz hamma yoqda bor-ku. Ashtda ishlaymanmi, dashtda ishlaymanmi, tashkilotga buning farqi bo‘lmasa kerak?

... Aksiyadorlik kompaniyasining o‘sha paytdagi rahbari hammasi vazirlikka bog‘liqligini, maqsadli ta’lim kadrlari vazirlik nazoratida ekanini aytdi.

Davlatning 25 ming dollarini ketkazib o‘qib kelgan turmush o‘rtog‘im «esiz o‘qish», «esiz orzular» deya tayin ish bo‘lmaydigan bo‘linmaga qatnashdan zerikar, doim MDHning lyuboy davlatiga diplomim o‘tadi, ketdik, deyaverardilar. O‘sha paytdagi tushkunlik va iztiroblar esimdan chiqmaydi. Toshkentga kelib, oilasi bilan yashash va shu yerda ishlashni istab qabulga kiraveradigan, ariza yozaveradigan xodim-turmush o‘rtog‘imni «yozg‘uvchi»ga chiqarib qo‘yishdi.

2010-2011 yillarda «Fuqaro murojaatlari» to‘g‘risidagi qonun juda «moda» bo‘lgan paytlar edi. Men bu qonun va «Oila» kodeksini o‘rganib chiqdim, yuristlar bilan maslahatlashdim. Ayol kishiman, meni e’tiborga olishar, degan umidda «Navoiy» ko‘chasida o‘sha paytdagi soha vazirining goh qabulini, goh qora mashinasini poylashni boshladim. Xo‘jayinim bilan birga o‘qigan, to‘yimizga kelgan kursdoshlarini vazirlik eshigida ko‘rib qolardim, ayol boshim bilan turganimga yana xijolat bo‘lardim.

Vazir meni qabul qilsa aytadigan gaplarimni ko‘p qaytarardim.

— Hurmatli ....vich, turmush o‘rtog‘imni ko‘p yildan beri shaxsan taniysiz, o‘qiyotgan paytida uchrashgansiz. O‘zingiz maqsadli ta’lim uchun sarmoya kiritib jo‘natgan talabangizni shahar ichi yoki atrofidagi filialga ishga qabul qilsangiz, iltimos. ֿ«Oila» kodeksida ham er va xotin turar joyni tanlashda erkinligi yozilganku axir...

Men azbaroyi yosh diletant jurnalist o‘sha vaqtda vazir janoblari «KabMin»dagi kabinetlaridan beri kelmasliklarini bilmasdim.

Yuqoridagi gaplarimni va devonga qatnayverib, homilamni yo‘qotganimni bir martagina kadrlar bo‘limining eng kichik xodimi e’tiborsiz eshitdi va hech qanday javob bermadi.

Hammasiga qo‘l siltab, kuta boshladik. To‘yimizga 2 yil bo‘lganda propiska «ochildi». Vazir o‘zgardi, ... AK bosh direktori o‘zgardi, birinchi muloqotdayoq xo‘jayinimning poytaxtdagi ish joyi tayin bo‘ldi. Pasportga 5-band tushdi.

5 yil ishlab, grantni qoplab bo‘lganidan so‘ng xo‘jayinim butunlay sohasini o‘zgartirib yubordi.

Ko‘p o‘tmay «vaqtinchalik propiska» epidemiyasi boshlandi. Endi boshqa yaqinlarimga zarar tegishi boshlandi. Eng yaxshi hamkasblarim, eng yaxshi do‘st-dugonalarimning pasportida 6 oylik pechati bo‘lmagani vajidan ishdan bo‘shatib yuborishganida davlat televideniyesi juda katta kadrlar salohiyatini boy berganiga guvoh bo‘ldim. To‘g‘ri, avvaliga hamkasblarimning shtati viloyat filiallariga jo‘natildi, biroq ular ortga qaytishni istashmadi. Bugun xususiy OAVda o‘zini topgan va muvaffaqiyat bilan ishlayotgan sobiq tvchilarni ko‘rib bu yo‘qotishning o‘rni to‘lishi qiyin, deyman...

Mana hozir «vaqtincha propiska» bilan ishga olishga ruxsat tegdi. Ishxonamga yangi bo‘lajak kadrlar oqimi kirib kela boshladi. Ammo amaliyot chog‘ida universitet yotoqxonasida ro‘yxatda turgan bu talabalar o‘qishni bitirgach, «ko‘chada qolishyapti». Ijara uy topish ishmasku-ya, lekin egasining ko‘pincha ijrachilar bilan shartnoma tuzishga hushi yo‘q. O‘zimiz shuning jabrini tortganimiz uchun xorazmlik, jizzaxlik dugonalarimni (propiska tufayli ayniqsa qizlarning sarson bo‘lishiga chiday olmayman), xo‘jayinning do‘stlarini vaqti-bemahal «domimiz» ga ro‘yxatga qo‘yamiz. Chunki bu «o‘zingni tahqirlangandek his qilish» yo‘lini biz ham bosib o‘tganmiz.

Aytmoqchi bo‘lganim, shaharda yashash huquqini beradigan bu bir parcha qog‘ozdagi pechat allaqachon o‘zining ma’no-mantig‘ini yo‘qotgan. 5 kundan 10 kunga o‘zgartirildi degan gaplar ham haqiqiy manzara oldida yolg‘on yechim.

Qanchadan qancha ishga kirolmagan, yo ishidan «haydalganlar», uzoq-yaqinga ketgan «miya»lar, poytaxtdagi uyini majburlikdan birovning nomiga rasmiylashtirib, so‘ng firibgarlarga kuyib qolganlar, o‘z yurtida o‘g‘ri bo‘lmay, g‘ar bo‘lmay turib, yashil formadan qochib bekingan aka-ukalar, er-xotin sifatida birga yashalmagan yillar va ko‘plab vatandoshlarimizning taqdiri, orzulari haqqi-hurmati bu mantiqsizlikni to‘xtatish kerak.

Aziza Qurbonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring