Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda yuqori texnologiyali Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilmoqda

Toshkentda yuqori texnologiyali Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shu kunlarda poytaxtimizda zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu majmua 2020 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda. Mamlakatimiz bilan Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) bilan birgalikda bunyod etilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi.

Ayni paytda tibbiyot markazining qurilishi va jihozlanishi bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Yangsan Pusan Milliy universiteti o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga muvofiq, 100 nafar mutaxassis ushbu universitetda malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Nomzodlar malaka-mahorati, xorijiy tillarni bilishi, jahon tibbiyotining eng ilg‘or yangiliklarini o‘zlashtirish salohiyatiga qarab tanlov asosida saralab olinyapti. Ana shunday malakali shifokorlardan dastlabki 19 nafari saralash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tib, bir yil mobaynida Yangsan Pusan Milliy universitetida tahsil oladigan bo‘ldi.

Mazkur markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, binoning qurilish, xavfsizlik tizimi, isitish, sovutish tarmoqlari jahon standartlari talablariga to‘la javob beradi. Yangi tibbiyot muassasasi 280 o‘ringa ega bo‘lib, klinikada kuniga 250 bemorni qabul qilish va yiliga 1500 dan ko‘proq murakkab va noyob operatsiya o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 381 nomdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, angiograf, kompyuter tamograf, yuqori texnologiyali raqamli rentgen va flyuoroskopik tizimi, mobil rentgen apparati, siklotron kabi eng so‘nggi innovatsion tibbiy jihozlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring