Toshkentda o‘tkir respirator kasalliklar keskin oshdi
O‘zbekistonda yosh o‘g‘il-qizlar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilmoqda.
Ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgani kuzatilmoqda.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘tkir virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Kuz-qish mavsumi odatda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr hisoblanadi. Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi.
Shu bois ehtiyot chorasi sifatida vazirlik mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan.
Biroq shunga qaramasdan mavsumiy yuqumli kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonlarini samarali tashkil etish hamda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilandi.
Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli 103 xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratildi.
Yig‘ilishda vazir klinik shifoxonalarga yuklamani kamaytirish uchun bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat qamrovini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu bo‘yicha mas’ullarga kerakli topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda yurtimizda O‘RVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning ma’lum qismi statsionar davoga muhtoj emas.
Shu sababli yig‘ilishda oilaviy polikliklinika shifokorlariga o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter