Toshkentda Global tadbirkorlik haftaligi boshlandi
Bugun, 12-dekabr kuni Toshkentdagi TEAM universitetida «GEW-2022» VI Global tadbirkorlik haftaligi (Global entrepreneurship week) boshlandi.
Bu yilgi haftalik «Turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi tadbirkorlik» mavzusiga bag‘ishlanmoqda.
Haftalikning ochilish marosimida Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev, GEN Uzbekistan direktori Hikmat Abdurahmonov, Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Zehavit Ben-Hillel, TEAM universiteti bosh direktori Abdurasul Yusupov, TEAM universiteti dekani Erdogan Ekiz, shuningdek, davlat idoralari, tijorat tashkilotlari, universitetlar, moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar, talabalar va boshqa manfaatdor shaxslar ishtirok yetmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nomidan barcha ishtirokchilarni tabrikladi.
«Ma’lumki, turizm sohasi davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilanib, sayohatlarni rag‘batlantirishning «cashback» va «tax-free» tizimlari, shuningdek, biznesni yuritish tartib-qoidalarini soddalashtirish mexanizmlari joriy etilmoqda.
Tadbirkorlik haftaligi axborot almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar, turizm va mehmondo‘stlik sohasida yangi o‘sish nuqtalari va yo‘nalishlarini aniqlash uchun muhim maydondir».
Tadbir davomida Hikmat Abdurahmonov, Zehavit Ben-Hillel va Abdurasul Yusupovlar yosh tadbirkorlarga ma’ruzalar qilishdi va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Kunning ikkinchi yarmida «O‘zbekistonda turizm va mehmondo‘stlikni boshqarish sohasidagi hozirgi tendensiyalar va istiqbollar: hukumat, biznes hamjamiyat va investorlar nuqtai nazari» mavzusida panel muhokamasi va «Samarqand turistik forumi turizm sohasida fikr almashish uchun rivojlanayotgan platforma sifatida» mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ushbu tashabbus GEN Uzbekistan tomonidan oltinchi bor tashkil etilmoqda va haftalikning asosiy tashkilotchilari va mezbonlari O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda TEAM universiteti hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, haftalik davomida 10 dan ortiq tadbirlar: muhokamalar, treninglar, mahorat darslari va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etiladi.
«GEW-2022» 6-Global tadbirkorlik haftaligi 16-dekabrgacha davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter