Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda aholi noroziligiga sabab bo‘lgan muammoga barham berildi

Toshkentda aholi noroziligiga sabab bo‘lgan muammoga barham berildi

Foto: Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimiyati «Cho‘pon ota» mahallasidagi qurilish ishlari natijasida aholi noroziligiga sabab bo‘lgan o‘zgarishlar masalasini o‘rganib chiqdi.

Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmatining xabar berishicha, tadbirkor Abdurahmon Boboxonov ko‘zi ojizlar yashayotgan mahallaning eski guzari o‘rniga yangisini qurib bermoqda. Buning evasiga esa Chilonzor tuman hokimligi tomonidan tadbirkorga mahalla guzari yonida uch qavatli bino qurishga ruxsat berilgan. Bino qurilishi oqibatida mahalla yo‘llariga o‘zgartirish kiritilmoqda, uning atrofidagi ariq ham boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin. Bu esa aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, tadbirkor tegishli mutasaddilardan berilgan ruxsat, qonuniy hujjatlar asosida ish boshlagan. Buni Chilonzor tuman hokimi o‘rinbosari Bahodir Poyonov ham tasdiqladi. 

Abdurahmon Boboxonovning aytishicha, bu yerda faqatgina yangi mahalla guzari va bino qurilmaydi. Yangi bolalar maydoni, favvoralar, aholining dam olishi uchun boshqa sharoitlar ham yaratiladi. Mahallada faqat ko‘zi ojizlar yashamaydi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisining so‘zlariga ko‘ra, ko‘zi ojizlar mahallaning 10 foizinigina tashkil etadi. Demak, mahallada 1836 nafar aholi yashasa, ularning orasida sog‘lom fuqarolar ham ko‘p.

Fuqarolar noroziligining asosiy sababi bino qurilishi emas, balki ariqning aholi turar joyiga yaqin qilib o‘z joyidan ko‘chirilishi ekanligi ma’lum qilingan. Aholini tashvishlantirayotgan muammo ariq ularning uylari yoniga ko‘chirilsa, shundoq ham avariya holatidagi uy-joylariga zarar yetishi mumkin. 

Mahalla raisi Ulug‘bek Javlonovning aytishicha, ariq ko‘chirilishi mo‘ljallangan joyda fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilgan tomorqalari mavjud. Ular shu tomorqalarni saqlab qolish maqsadida norozilik bildirishmoqda. Aytilishicha, ularning bu talabi qondirilgan. Mahalladan o‘tuvchi ariq ham ko‘chirilmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring