Toshkentda 100 ming so‘mlik pulni qalbakilashtirgan shaxslar ushlandi
Toshkent shahrida qalbalki pullarni muomalaga kiritishda gumon qilingan to‘rt nafar fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar berib o‘tdi.
2019 yilning 4 may sanasiga o‘tar kechasi Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi muqaddam sudlangan Sardor Sh. (1995 y.t.), Bexzod T. (1995 y.t.), Ibrohim. X. (1999 y.t.) va andijonlik Xumoyunbek O (1996 y.t.). Toshkent shahrida uchrashadi. Ularning maqsadi 100 ming so‘mlik qalbaki pullarni ishlatish bo‘lgan va Chilonzor tumanida mana shu pullarning 7 tasi 23 yoshli Shoira A.ga o‘tkaziladi.
O‘z navbatida Shoira A. mana shu pullardan birini shaxsiy «Neksiya» avtomobilida kirakashlik bilan shug‘ullanadigan 33 yoshli Xomidullo M.ga to‘lov tariqasida to‘laydi. Xomidullo M. pul qalbaki ekanini sezib qoladi va Toshkent shahri, IIBB YPXning yaqin o‘rtada xizmat o‘tayotgan inspektorlariga xabar beradi.
Zudlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida nomlari yuqorida ko‘rsatilgan 4 fuqaro minib yurgan avtomobil raqami aniqlanadi va 4 may sanasida, tahminan soat 03.30da to‘xtatiladi. Tekshiruv asnosida avtomobilning g‘aladonidan 51 ta qalbaki 100 ming so‘mlik pul, milliy valyutadagi pul chop etilgan A4 formatdagi 25 ta rangli qog‘oz va qalbaki pul tayyorlashda foydalanilgan «Canon» rusumidagi printer topiladi. Sud-kriminal ekspertizasi tomonidan berilgan xulosaga ko‘ra ish yuzasidan musodara etilgan 58 ta 100 ming so‘mlik pulning barchasi qalbaki bo‘lib chiqdi.
Fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 176-moddasi, 2-qismi bilan («qalbaki pul, aksiz markalar yoki boshqa qimmatbaho qog‘ozlar tayyorlash va muomalaga kiritish») jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yunusobod tuman IIB JIB tomonidan olib borilgan dastlabki surishtiruv davomida Sardor Sh. Toshkent shahrining turli tumanlarida qalbalki pullar muomalaga kiritilganini tan olgan.
Hurmatli Toshkent shahri aholisi va poytaxtimiz mehmonlari! Agar ushbu shaxslar tomonidan olib borilgan jinoiy faoliyat yoki qalbaki 100 ming so‘mlik pullar haqida faktlar sizga ma’lum bo‘lsa, yaqin oradagi ichki ishlar boshqarmasiga xabar berish yoki «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter