Toshkent va Navoiyda chiqindi tariflari o‘zgaradi
![Toshkent va Navoiyda chiqindi tariflari o‘zgaradi](https://static.xabaruz.com/crop/4/2/720_460_95_4258210429.jpg)
Toshkent hamda Navoiy viloyatining ayrim hududlarida maishiy chiqindi xizmatlari uchun to‘lov tariflarini tartibga solish maqsadida Xalq deputatlari viloyat kengashining tegishli sessiya qarorlari bilan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
— Toshkent viloyatining ayrim hududlari (Bekobod va Nurafshon shahri hamda Zangiota tumani)da jismoniy shaxslar ya’ni aholi uchun 7 840 so‘m (QQS bilan) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun 82 880 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori belgilandi.
Belgilangan to‘lov tarifi Toshkent viloyati «Ibroximjon ishonch» MChJ, «Shabnam-obod-servis» MChJ, «Ahmadjon omad baraka» XK, «Dilshod Murodbaraka» XK, «Metal-mexanik-master» MChJ, «Orzu ishonch fayz» MChJ, «Dilxumor servis» MChJ, «Obod hudud servis» MChJ, «Iskandar servis luks» MChJ, «Maks qur lider maxsus» MChJ hamda «Nurafshon-obod-hudud» MChJlar kabi sanitar tozalash korxonalari uchun tasdiqlandi.
— Navoiy viloyatining ayrim hududlari (G‘ozg‘on shahri hamda Xatirchi, Navbahor, Nurota va Konimex tumanlari)da jismoniy shaxslar ya’ni aholi uchun 4 950 so‘m (QQS bilan) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun 80 080 so‘m (QQS bilan) miqdorida to‘lov tasdiqlandi. Belgilangan to‘lov tarifi «MIRONShOX KOMFORT SERVIS» MChJ sanitar tozalash korxonasi uchun amal qiladi.
Shuningdek, maishiy chiqindilarni joylashtirish, saqlash, utilizatsiya qilish, zararsizlantirish xizmati uchun Navoiy viloyati bo‘yicha 1 m³ — 20 160 so‘m (QQS bilan) hamda 1 tonna — 48 933 so‘m (QQS bilan) etib tasdiqlandi.
Ta’kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining «Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorlari va Vazirlar Mahkamasining «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter