Toshkent tibbiyot akademiyasida yangi kafedra tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 11 may kuni «Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi «Dori-Darmon» AK va Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi bilan birgalikda 2018 yil 1 sentyabrga qadar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda talab eng yuqori bo‘lgan davolash-tashxis allergenlarini davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda Innovasion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida laboratoriya amaliyoti xalqaro standartlariga (GLP) javob beradigan zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan klinik-immunologiya laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritishi kerak.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda oliy tibbiyot ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy o‘rganish asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent pediatriya tibbiyot institutida allergologiya va klinik immunologiya kafedrasi tashkil etiladi.
2018/2019 o‘quv yilidan klinik ordinaturaga qabul qilish kvotasi ko‘paytirilib, 2019/2020 o‘quv yilidan «allergologiya va klinik immunologiya» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochiladi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida allergologlarning malakasini oshirish o‘quv dasturlari takomillashtiriladi.
Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda allergik reaksiyalar va kasalliklarni hisobga olish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish uchun texnik vazifalar ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi, uni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiriladi.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan ta’lim jarayonlarini tashkil etish oliy tibbiyot ta’lim muassasalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, mamlakatimiz tibbiyot muassasalari allergologiya bo‘linmalari va yetakchi xorijiy klinikalarning ilmiy-amaliy bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter