Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qiladigan tashkilotlar bittaga ortdi
«Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri xalq bilan muloqot holati va rivojlanishini o‘rganish, davlat organlari faoliyati ochiqligini tizimli tahlil qilishdan iborat.
Qarorga ko‘ra Markaz nodavlat notijorat tashkiloti shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
Markaz direktori lavozimiga ko‘ra Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi rahbari o‘rinbosari hisoblanadi.
2019-yil 1-noyabrdan Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Markaz xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari ikki baravar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Shuningdek, Markaz Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat organlari va boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga kiritildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter