Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr ishlab chiqaradigan joyda ham chiroq o‘chadimi? Korxona rahbari javob berdi

Elektr ishlab chiqaradigan joyda ham chiroq o‘chadimi? Korxona rahbari javob berdi

Noyabr oyidagi yangiliklar ro‘yxatida To‘raqo‘rg‘on IESdagi holat oldingi o‘rinlarda turdi. Sovuq tushib, rosa izg‘irin tushgan vaqtda issiqlik elektr stansiyasi ma’lum muddatga to‘xtab qoldi. Bugun OAV vakillari taklif etildi va inshoot faoliyati bilan tanishtirildi. Tadbir yakunida To‘raqo‘rg‘on IES rahbari Iskandar Basidov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

— To‘raqo‘rg‘on IES Farg‘ona vodiysidagi iste’molning 40 foizini ta’minlab kelmoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining umumiy ehtiyoji soatiga 2500 kilovattdan iborat. Biz 900 kilovatt elektr energiyasi bermoqdamiz.

— Biroz vaqt muqaddam To‘raqo‘rg‘on IESda avariya yuzaga kelib, ikki soat to‘xtab qolgan edi. Odatda avariya holatlari yuzaga kelishiga ikkita sabab bo‘ladi — noto‘g‘ri ekspluatatsiya yoki loyihadagi kamchilik. To‘raqo‘rg‘on IESda yuzaga kelgan avariyaga qay biri sabab bo‘ldi?
— Avvalo shuni aytish kerak, IES faoliyatida avariya bo‘lgani yo‘q, uzilish bo‘ldi. Elektr stansiyasida ikkita blok mavjud va hozir ikkinchi blokni to‘liq loyihaviya kuchlanishga olib chiqqanmiz. Bu blok kuzda ishga tushgani uchun qish sharoitiga moslashishda uzilish kuzatildi. Mutaxassislarimiz ikki soatda hammasini joyiga qo‘ydi, elektr energiyasi uzatish davom etildi. Bu texnika, odamlar ishlaydi, apparatura... To‘liq loyihaviy kuchlanish quvvatiga olib chiqish vaqtida bir-ikkita muammo bo‘lgan edi. O‘shani bartaraf etish vaqtida shu hodisa ro‘y berdi.

— Korxona ishlab chiqargan elektr energiyasining qanchasi ichki ehtiyoj uchun sarflanadi?
— Umumiy ishlab chiqarishdagi elektr energiya sarfi 5 foiz. Bu jahondagi eng kam ko‘rsatkich hisoblanadi. To‘raqo‘rg‘on IES — zamonaviy inshoot bo‘lib, samaradorligi yuqori.

— Ma’muriy bino uchun energiya qayerdan olinadi?
— Biz ham hamma qatori ma’muriy bino uchun elektr energiyasini hududiy elektr tarmog‘idan sotib olamiz.

— O‘sha hududiy elektr tarmog‘idan tok oladigan ma’muriy binoda chiroq o‘chib turadimi?
— Yo‘q, o‘chishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki bu ham ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatadi. Gap shundaki, biz ma’muriy bino uchun tokka pul to‘laganimiz bilan energiyani o‘zimizdagi nimstansiya orqali olamiz. Shuning uchun chiroq o‘chishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

— To‘raqo‘rg‘on IES qurilgunga qadar vodiy viloyatlari elektr energiyasi bilan qanday ta’minlangan?
— Vodiy uchun Toshkentdan, Angrendan va qisman Qirg‘izistondan elektr liniyasi tortib kelingan. Har biri bir yarim ming kilovat tok o‘tkazadigan beshta liniya dovon oshib kelardi. Bunday holatda yo‘qotishlar ham ko‘p bo‘lardi. Sim qiziganda elektroenergiya behuda sarf bo‘lib ketadi. Yuqori quvvatli liniyalarda 3-5 foiz yo‘qotish bo‘ladi.

— Namangan viloyatidagi ayrim hududlar To‘raqo‘rg‘on IESdan tok olishi uchun liniyalar dosh bera olmayotgani aytilmoqda. Qachon Namanganda chekka qishloqlarda chiroq yonadi?
— Qishda energiya yetkazib berishda muammolar bo‘ladi. Iste’mol keskin ko‘payadi, yozga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa oshgan. Shu sababli qayerdadir uzilishlar bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, bu bizning vakolatimizga kirmaydi. Bu boshqa korxonaga beriladigan savol.

— Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev Xabar.uz bilan bo‘lgan suhbatda to‘rt yilda energiya taqchilligi yakuniga yetishini aytgandi. Mutaxassis sifatida shu gapni tasdiqlay olasizmi?
— Agar hokimlikda shunday deyilgan bo‘lsa, demak yakuniga yetishi kerak. Hozirda 4-5 ta yangi loyihalar rejalashtirilgan. Ularning barchasi amalga oshsa, taqchillik tugaydi. Shamol, foto, gidroelektrostansiyalar qurilyapti.

— O‘zbekiston sharoitida muqobil energiya vositalaridan foydalanish qanchalik samarali? Fotoelektrostansiya va shamol elektrostansiyalaridan qay birini tanlash kerak?
— Hududlarga bog‘liq. Shamol kuchi, quyosh va boshqa jihatlar e’tiborga olinadi. O‘rganib, izlanishlar o‘tkaziladi. Masalan, Navoiy viloyatida shamol kuchi ko‘proq. Demak u yerda shamol elektrostansiyalari qurgan ma’qulroq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring