Tog‘ cho‘qqisiga o‘rnatilgan O‘zbekiston bayrog‘i ostida harbiylar bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qismlardan birida Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining 27 yilligi munosabati bilan «Yuraklarda to‘lqin solib hilpirayver bayrog‘im!» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi harbiy qismlardagi yoshlar bilan ishlash bo‘limi vakillari, 150 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar hamda 80 nafardan ortiq maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Bo‘stonliq tumanidagi O‘zbekistonning eng baland cho‘qqilaridan biriga o‘rnatilgan davlat bayrog‘i oldida qizg‘in suhbatlar va she’riy aytishuvlar o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun, ushbu bayroqning yerdan balandligi 60 metr bo‘lib, matoning uzunligi 22 metr, eni 12 metrga teng.
Tadbir so‘ngida Yoshlar ittifoqining 100 nafar faol a’zolariga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi «Ko‘krak nishoni» topshirildi.
Bundan tashqari, harbiy qismdagi yoshlarni kitob mutoaalasiga bo‘lgan qiziqishini orttirish maqsadida harbiy qismdagi kutubxonaga 100 dan ortiq o‘zbek va jahon adabiyoti kitoblari taqdim etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter