Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyotni yuqori texnologiyalar bilan ta’minlashga 200 mlrd so‘m ajratildi

Tibbiyotni yuqori texnologiyalar bilan ta’minlashga 200 mlrd so‘m ajratildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident tibbiyot muassasalarini jihozlash va xizmatlar sifatini oshirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholi salomatligini mustahkamlash va davolash sifatini oshirish maqsadida shifoxonalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Buning uchun budjetdan har yili kamida 100 milliard so‘m ajratilayapti. Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida tibbiyotni yuqori texnologik uskunalar bilan ta’minlash uchun 200 million dollar xorijiy investitsiya, 94 million dollar grant jalb qilindi.

Natijada oldin faqat respublika muassasalarida bo‘lgan kompyuter tomografi, magnit rezonansli tomograf, angiograflar hozir viloyatlarda, o‘nlab tumanlarda ham bor. Bu ixtisoslashgan xizmat aholiga yanada yaqinlashdi, degani.

Joriy yil ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 200 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, tibbiyotga 370 million dollar xorijiy investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.

Taqdimotda tibbiyot muassasalarini jihozlash bo‘yicha rejalar bayon etildi.

Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollar mablag‘i evaziga respublikadagi 230 ta tug‘ruq muassasasi uchun 45 turdagi 21 mingta tibbiy uskuna va 6 ta reanimobil xarid qilinadi.

Germaniyaning KfW bankining 30 million yevro mablag‘i hisobiga Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi 19 tadan tibbiyot muassasasi yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi 862 ta uskuna bilan jihozlanadi. Yana shu bankning 13,5 million yevro granti orqali Termiz shahrida o‘quv markazi, talabalar turar joyi quriladi. Bu markaz zamonaviy o‘quv-simulyasiya va axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Davlat rahbari jihozlash bu masalaning faqat bir qismi ekani, ularda ishlay oladigan malakali mutaxassislarni hozirdan tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Tegishli muassasalardagi shifokor va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Uskunalardan samarali foydalanish ham muhim. Masalan, viloyatlarda angiograflar yuklamasi o‘rtacha 34 foiz. Tomograf bo‘yicha holat ham har xil.

Shu bois, hokimliklar bilan birga, davlat shifoxonalaridagi yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring