Termizda 200 dan ortiq odam viloyat hokimi qabuliga bordi
Kecha, 20 aprel kuni Termiz tumani «Yangi hayot» mahallasi hududida joylashgan madaniyat uyida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov tuman aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazgan. Sayyor qabulda 200 dan ortiq fuqarolarning murojaatlari qariyb 6 soat davomida ko‘rib chiqilgan.
Shu jumladan, sayyor qabulga muammosi hal bo‘lishini niyat qilib kelgan «Bunyodkor» mahallasida yashovchi Salomat Begimova viloyat hokimining qabulida turmush o‘rtog‘i vafot etganligi, o‘zi hamshira bo‘lib ishlashini va 4 nafar farzandlarining 3 nafari hali maktab o‘quvchisi ekanini bildirib, katta farzandining oliygohdagi o‘qishi uchun kontrakt pulini to‘lashda amaliy yordam so‘rab murojaaat qilgan.
Viloyat rahbari murojaatni ijobiy hal etib, kontrakt puli to‘lab berilishini aytgan. Shuningdek, «Bunyodkor» mahallasida yashovchi Nodira Qo‘chqorovaga farzandini davolatish hamda oilaviy sharoitini yaxshilash uchun 12 million so‘m homiylik yordami ko‘rsatilgan.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ichimlik suvi, ichki yo‘llar ta’miri, elektr va gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot kabi turli masalalardagi 285 ta murojaat tinglangan.
Murojaatlarning 23,5 foizi shu yerning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 218 ta murojaat ijrosi muddat talab etilgani bois mas’ullarga qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazib, murojaatlarni hal etish vazifasi yuklatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter