Tanzila Norboyeva muammolar 30-40 yildan buyon yig‘ilgani haqida gapirdi
![Tanzila Norboyeva muammolar 30-40 yildan buyon yig‘ilgani haqida gapirdi](https://static.xabaruz.com/crop/4/1/720_460_95_4166997915.jpg)
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning Sirdaryo viloyatiga xizmat safari Guliston shahrida davom etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Senat raisi viloyatda prezident tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning ikkitasi – yoshlar hamda xotin-qizlar bandligi bo‘yicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan mahalliy Kengash deputatlari bilan uchrashuv ishchan muhitda kechgan.
— Kelgusidagi ishlarni kelishib olib, oldimizga aniq maqsadlar qo‘yishimiz kerak. Dastlabki bahoni bizga xalq bo‘lib o‘tgan saylovlarda berdi. Odamlarning dardini tinglab, muammolarini o‘rganib, yechimini topish asnosida aholi bilan yanada yaqinlashdik. Saylov kodeksimiz ham, umuman hammamiz ham imtihondan o‘tdik, — dedi Tanzila Norboyeva o‘z ma’ruzasida.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotidagi yangi bosqichni belgilab berganligi, aslida bu butun xalqimiz hamda dunyo hamjamiyatiga qaratilgan Murojaatnoma ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Senat raisi aholini o‘ylantirayotgan masalalar haqida so‘z yuritar ekan, bu muammolar 30-40 yildan buyon yig‘ilib qolganligini ta’kidladi.
Shu bilan birga mahalliy Kengash deputatlari oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Xususan, deputatlar har oyda bir marotaba sohalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotini tinglashi, har bir komissiya o‘z sohasidagi eng og‘riqli masalalarni doimiy ravishda o‘rganib va ko‘rib chiqib, ular hududning o‘zida hal bo‘lmasagina, masalani viloyat, respublika miqyosiga olib chiqishi zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter