Taniqli akademik olamdan o‘tdi
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Rufat G‘ulomovich Mahkamov bugun, 26-iyul kuni 88 yoshida vafot etdi.
R.Mahkamov 1954-yili N.Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatib, 1957-1960-yillarda mazkur bilim yurti aspiranturasida tahsil oldi. 1961-yilda nomzodlik, 1978-yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
R.Mahkamov o‘z mehnat faoliyatini 1954-yili sobiq ittifoq Mashina qurilish texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Iste’dodli olim qariyb 64 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Prezidiumi Texnika fanlari bo‘limi ilmiy kotibi, Geologiya instituti katta ilmiy xodimi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti, kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, mashinasozlik sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari respublikamiz mashinasozligi sohasida keng qo‘llanib kelinmoqda va iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega.
R.Mahkamovning texnika sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida bir qator fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik R. Mahkamovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni bilan mukofotlangan edi.
«Xabar.uz» tahririyati atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Rufat Mahkamovning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter