Ta’lim, xarajatlar va «Real Madrid»ga bo‘lgan muhabbat – Ispaniyadagi o‘zbek talabasi bilan suhbat
«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi Ispaniyaning Alikante universiteti “Xalqaro aloqalar” yo‘nalishi talabasi Aziza Zairova. Qahramonimiz 2019 yildan buyon Ispaniyada ta’lim olib keladi.
Hozir bakalavr bosqichining 3 kursida o‘qiyapman
Men 1997 yil 18 oktyabrda Buxoro shahrida tug‘ilganman. Bolaligimning deyarli yarmi Rossiyada o‘tgan. 11 yoshimda esa O‘zbekistonga qaytdim. 2013 yil Buxoro shahridagi 2-maktabni tamomlab, 1-sonli akademik litseyning ijtimoiy gumanitar yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. 2016 yil u litseyni tugatdim va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakultetiga kirish imtihonlarini topshirdim. Afsuski, natija men kutganidek bo‘lmadi, aniqrog‘i o‘qishga kira olmadim. Bir yil o‘tib, ya’ni 2017 yil ana shu oliygoh talabasi bo‘ldim.
Bakalavrning ikkinchi kursini tugatgandan so‘ng, xorijda, xususan, Yevropaning rivojlangan mamlakatlaridan birida o‘qishga ishtiyoq uyg‘ondi. Natijada men Ispaniyaning Murciya universiteti (Universidad de Murcia)ning Xalqaro aloqalar yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Birinchi kursdan yana o‘qishni boshladim. Murciya universitetida bir yil o‘qiganimdan so‘ng, men Ispaniyaning Alikante shahri chekkasida joylashgan Alikante universitetiga (Unuversidad de Alicante) o‘tdim. Hozir bakalavr bosqichining 3-kursida o‘qiyapman.
Ta’lim muassasamiz 1979 yil oktyabr oyida universitet ta’limi markazi (ispancha: Centro de Estudios Universitarios) negizida tashkil etilgan bo‘lib, u 1968 yilda Oriuela universiteti (Universidad de Orihuela) vorisi sifatida tashkil etilgan. Hozir ellikdan ortiq bakalavr va magistrlik dasturlari mavjud. Alikante universiteti esa yetmishdan ziyod fakultetdan iborat bo‘lib, quyidagi yo‘nalishdagi tadqiqot bo‘linmalaridan iborat: ijtimoiy va yuridik fanlar, eksperimental texnologiya, sog‘liqni saqlash ta’limi texnologiyasi va beshta tadqiqot institutlari.
Ispaniyada o‘qish boshqa Yevropa mamlakatlariga nisbatan arzon
Men ispan tilini «Real Madrid» futbol klubiga bo‘lgan muhabbatim tufayli, shuningdek, «Il Divo» xalqaro opera va estrada kvarteti tufayli o‘rgandim. Ochig‘i, tilni o‘rganish orqali Ispaniyaning o‘zi haqida ko‘p narsalarni bilib oldim. Masalan, Ispaniya davlat universitetlarida o‘qish boshqa Yevropa mamlakatlariga nisbatan juda arzon (yiliga o‘rtacha 900-1500 yevro). Shuningdek, turar joy, masalan, Fransiya yoki Germaniyaga qaraganda qimmat emas. Shaxsan men uchun asosiy afzalligi shundaki, bu yerda o‘qib boshqa Yevropa mamlakatlarida tan olinadigan xalqaro diplomni olaman.
O‘zimni boshqa yo‘nalishda tasavvur qila olmayman
Xalqaro aloqalar yo‘nalishini tanlashimga dadam sababchi bo‘lgan. Va buning uchun hozir men ulardan juda minnatdorman. Avvaliga uning taklifiga qarshilik ko‘rsatdim, lekin keyin angladimki, men uchun xalqaro aloqalarni o‘rganish juda qiziq. Ochig‘i, endilikda o‘zimni boshqa yo‘nalishda tasavvur qila olmayman. Chet tillarini o‘rganishni va turli mamlakatlardan kelgan odamlar bilan uchrashishni, muloqot qilishni yaxshi ko‘raman.
Ular hech qanday yordamsiz ko‘chalarda bemalol yura oladi
Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, Ispaniyada imkoniyati cheklanganlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ular hech qanday yordamsiz nogironlar aravachasida ko‘chalarda bemalol yura oladilar. Qolaversa, jamoat transportlarida ular uchun alohida o‘rnatilgan rampalar va o‘tirish joylari mavjud. Agar kerak bo‘lsa, haydovchining o‘zi rampani tushiradi va avtobusga chiqish va tushishga yordam beradi. Men O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlarga shahar atrofida bemalol yurishlari uchun ko‘proq qulayliklar yaratilishini juda xohlardim.
Turar joy oyiga 500-600 yevro atrofida
Chet ellik talabalar, agar ular Yevropa Ittifoqiga kirmagan mamlakatlardan kelgan bo‘lsa, Ispaniyada ish topishi juda qiyin. Faqat ishlash ruxsatnomasi bo‘lsa, ishlashlari mumkin. Va bu ruxsatnomani olish juda qiyin. Turar joy narxi shaharga qarab farq qiladi. Albatta, poytaxtda yashash qimmat. Ammo mamlakat janubida narxlar ancha past. Turar joy uchun oyiga taxminan 500-600 yevro kerak. Uy-joy va oziq-ovqat nisbatan arzon. Eng arzon usul — xonani ijaraga olish (150-300 yevro).
Fursatdan foydalanib Ispaniyaga o‘qish uchun kelmoqchi bo‘lganlarga quyidagi tavsiyalarni bildiraman. Birinchi maslahatim – davlat universitetlarini tanlash. Albatta, ularda o‘qish xususiylarga qaraganda qiyinroq, lekin ularning narxi 4-5 barobar arzon. Agar siz ispan tilida o‘qishni xohlasangiz, DELE B2 sertifikati talab qilinadigan narsaga tayyor bo‘ling. Universitetga qabulning barcha tafsilotlarini bilish uchun topshirayotgan oliygoh ma’muriyati bilan oldindan bog‘lanish eng samarali yo‘l.
Keyin viza olishda qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. Buning oldini olish uchun, hujjatlarni 2-3 oy oldin topshirish maqsadga muvofiq. Mendagi ma’lumotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar vizani faqat Ispaniyaning Moskvadagi Bosh konsulligida olish imkoniyatiga ega.
Kelajakdagi rejalarim haqida gapiradigan bo‘lsam, bakalavrni tamomlab, Ispaniyaning o‘zida magistraturani davom ettirmoqchiman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter