Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talabalar uchun qishki ta’til muddati yana o‘zgardi

Talabalar uchun qishki ta’til muddati yana o‘zgardi

2021/2022 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishqi ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirildi.

Shuningdek, talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022 yilning 24 yanvariga qadar uzaytirildi.

2022 yilning 11 yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, oliy ta’lim tizimi tarixida ilk marotaba – rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas’ullar uchun o‘z kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida joriy yil 10-24 yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tganligi sababli kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari uchun asosiy ishdan ajralgan holda o‘quvlar barcha oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladi.

Bu jarayonga oliy ta’lim muassasalari huzuridagi barcha professional ta’lim muassasalari hamda akademik litseylar rahbarlari ham jalb etiladi.

O‘z navbatida, qishki ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o‘quvchilarining vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinlar tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, qishki ta’til muddati yangi yil bayramidan oldin ham o‘zgargandi. O‘shanda ta’til bir necha kun avvalroq boshlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring