Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tahqirlangan ayolning videosi qanday qilib internetga chiqib ketdi?

Tahqirlangan ayolning videosi qanday qilib internetga chiqib ketdi?

Foto: «Balkanweb.com»

Bosh prokuratura axborot xizmatining rasmiy xabariga ko‘ra, 2018-yil 22-iyun kuni fuqaro N.T. ariza bilan murojaat qilib, 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilishganini bildirgan.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 2018-yil 3-iyun kuni soat 10:00 larda fuqaro N.T. Kattaqo‘rg‘on shahrining «Dehqon bozori»da bo‘lgan vaqtida shahar IIB xodimlari uni o‘g‘rilik qilganlikda gumon qilib, shahar IIB ma’muriy binosiga olib kelishganligi aniqlangan. Shahar IIB tezkor vakili S.Umarov unga o‘g‘rilik qilish maqsadida bozorga kelganligini aytib, uni haqorat qilgan. So‘ng IIB ma’muriy binosining koridorida N.T. ning egnidagi barcha kiyimlarini yechishga majbur etib, bu holatni o‘zi videotasvirga olgan.

2018-yil 4-iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozir S.Umarov ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali ushbu mavzu yuzasidan surishtiruv ishlarini davom ettirgan holda voqea qahramoni — jabrlangan ayol, kattaqo‘rg‘onlik N.T. bilan bog‘lanib, u bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan edi.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, ushbu videoning internetga tarqalib ketish tafsilotlari ham ma’lum bo‘ldi. Gap shundaki, Kattaqo‘rg‘ondan jazman topgan S.Umarov bir kuni o‘sha ayolnikiga boradi. Kechasi uxlab qolganida uning telefonini «kavlagan» jazmani ushbu videolavhani topib, o‘z telefoniga tashlab oladi.

Keyinroq S.Umarovdan arazlagan noma’lum jazman alam ustida ishdan bo‘shab ketgan sobiq melisa «tanishi»ga bu lavhani taqdim qiladi. U esa butun dunyoga tarqatib yuboradi.

Lekin bu haqda hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring