Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Svetlana Ortiqova senatorga e’tiroz bildirdi: prokurorlar «laylak haydab» yurgani yo‘q...

Svetlana Ortiqova senatorga e’tiroz bildirdi: prokurorlar «laylak haydab» yurgani yo‘q...

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida  senator Abdurahim Irkayevning ayrim mulohazalarini Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova unchalik «hazm» qilmadi.

Madaniy meros ob’yektlarining muhofazasi qilish, ularga daxl qilgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalasida gapirgan senator Qashqadaryo viloyatidagi madaniy yodgorliklarning ahvoliga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, viloyatning Shahrisabz, Yakkabog‘ va Chiroqchi tumanidagi yodgorliklarda tuproq ishlari natijasida taxminan 22 milliard zarar ko‘rilgan. Shahrisabzdagi moddiy-madaniy meros ob’yektlarda jami 77 ta, Yakkabog‘da 17 ta noqonuniy uy-joylar qurilgan.

Shu va shu kabi og‘riqli holatlarni tilga olarkan, senator, madaniy ob’yektlarning muhofazasi o‘z holiga tashlab qo‘yilganini aytib, «Prokuratura organlarining xayoliga bu masala keladimi yoki tepalik-da, deb qo‘yadimi?» deya savol tashlaydi.

Bunga javoban Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova «prokurorlar laylak haydab yurgani yo‘q»mazmuni va ohangida gapirib, quyida raqamlar tilga oldi: «Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun ijrosi ustidan prokurorlik nazorati o‘rnatilgan. Rejaviy dasturlarga asosan tadbirlar o‘tkazilyapti, natijada aniqlangan qonun buzilish va huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan prokurorlik ta’sir choralari ko‘rilyapti. Masalan, shu yilning o‘zida 45 ta noqonuniy huquqiy-normativ hujjatlarga protestlar keltirilgan. Qonun buzilishi holatlariga olib kelgan sabab va sharoitlarni yo‘qotishga qaratilgan 106 ta taqdimnoma kiritilgan, 31 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi».

Shuningdek, bosh prokuror o‘rinbosari jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oqibati bilan emas, balki oldini olish bilan ko‘proq shug‘ullanish kerakligi, respublikada 8 mingga yaqin madaniy meros ob’yektlari bo‘lsa, Madaniyat vazirligi huzuridagi departament ularni nazorati qilishi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga hujjatlar taqdim etishi lozimligini ta’kidlagan.

«U yerda respublika bo‘yicha 60 nafar xodim ishlayotgan bo‘lsa, har biriga 133 ta ob’yekt yuklamasi to‘g‘ri keladi. Bizning ham yuragimiz qon bo‘ladi, o‘sha moddiy-madaniy meros ob’yektlari yo‘q bo‘lib qolyapti, kimdir ularga yer ajratyapti, bu holatlar 20-30 yil avval bo‘lgan, jinoyat ishi qo‘zg‘atishning har qanday muddati o‘tib ketgan. Milliy qonunchilikka ham e’tibor berishimiz kerak», — deydi adliya katta maslahatchisi S. Ortiqova.

Senat raisi Tanzila Norboyeva esa mavzu yuzasidan fikr bildirib, prokuratura hamma joyga borib nazorat qilishining imkoni yo‘qligi, bunda jamoatchilik nazorati hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi mutassaddi idoralarning xodimlari ko‘proq mas’ul ekanligini  qayd etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring