Surxondaryoda kovrak mahsulotini eksport qiluvchi yangi korxona ish boshladi
Deputat so‘rovi bilan Surxondaryoda kovrak mahsulotini eksport qiluvchi yangi korxona ish boshladi. Bu haqda O‘zLiDeP saytida xabar berilgan.
Xabarda aytilishicha, «Xudoyqul Samariddin Nasriddinovich» firmasi rahbari Samariddin Xudoyqulov Surxondaryo viloyati «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidan kovrak o‘simligi xom-ashyosini yig‘ib-terib olish uchun xo‘jalik rahbari A.Ro‘ziqulovga murojaat qilgan edi. Ammo o‘rmon xo‘jaligi rahbari uning boshqa viloyatdan ekanini aytib, norozilik bildirgan. Rad javobini olgan tadbirkor ortga chekinmay, O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat kengashidan yordam so‘radi.
Partiyaning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limiga kelib tushgan ushbu murojaat deputatlik guruhi bilan joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish natijasida xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Qurbon Shukurov «Bobotog‘» o‘rmon xo‘jaligi rahbari Abdufattoh Ro‘ziqulovga deputatlik so‘rovi yubordi. Deputat tashabbusi bilan tadbirkorning muammosi hal etildi.
– O‘zLiDeP viloyat Kengashi ko‘magi bilan «Bobotog‘» o‘rmon xo‘jaligida o‘z faoliyatimizni boshladik, – deydi u. – Ayni chog‘da o‘ttiz nafar yoshlar bilan kuniga 55 kg kavrak mahsuloti qazib olyapmiz. Bu o‘simlikni esa Hindiston va Afg‘onistonga eksport qilyapmiz.
Ta’kidlash kerak, «Xudoyqul Samariddin Nasriddinovich» firmasi o‘simliklar xom-ashyosini yig‘ib-terib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Korxonada 100 nafarga yaqin yigit-qiz mavsumiy ish bilan ta’minlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter