Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda dunyodagi eng katta so‘zana tikildi

Surxondaryoda dunyodagi eng katta so‘zana tikildi

Surxondaryoda bo‘lib o‘tadigan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga bag‘ishlab boysunlik hunarmandlar tomonidan dunyoda eng katta so‘zana tikildi.

20 nafar qo‘li gul chevarlar tomonidan nozik did, yuksak mahorat bilan yaratilgan ushbu san’at namunasining uzunligi 25, eni esa 6 metrni, og‘irligi  60 kilogramni tashkil etadi.

Mohir kashtado‘zlar tomonidan mehr bilan tikilgan ushbu so‘zana olti oy davomida yaratildi. Tinimsiz mehnat mahsuli hisoblangan kashtachilik namunasini yaratish uchun vohani aks ettiruvchi turli yorqin rangdagi 16 kilogramm ipaklardan foydalanildi.

So‘zanani tikishda vohaga xos bo‘lgan qadimgi kashtachilikning to‘ldirma yo‘nalishidan foydalandik, — deydi hunarmand Nilufar Jo‘rayeva. — Uning markazida ta’svirlangan 5 ta gullarning har birining (kashtachilikda oylar deb yuritiladi) aylana deametri 2, atrofidagi kichik 14 ta  gullarning har birining diametri 1 metrni tashkil etadi. Viloyatimizda o‘tkaziladigan muhim tadbirda ushbu ishlarimiz o‘rin olganidan va ushbu festivalga biz hunarmand xotin-qizlar ham o‘z hissasizni qo‘shayotganimizdan xursandmiz.

Aytish kerakki, so‘zana tikish avvalida uning chizmasini (gullarni chizish) tayyorlash zarur. Bu jarayon kashtado‘zdan eng muhim e’tibor talab etadi.

Gullar markazdan o‘ng va chap tomonga qarab chiziladi. Bunda har bir detallar matematik o‘lchov asosida chizib chiqiladi. Alvon matoga tushirilgan gullar chizmasini mohir tikuvchilar 6 kun mobaynida tayyorlashdi. Undan so‘ng chizmalarni ipak orqali to‘ldirma uslubida tikish, astarlash, qavish va mag‘izlash jarayonlari ham ancha murakkabdir.

Surxon milliy urf-odat va qadriyatlari va qadimiy an’analarini o‘zida mujassam etib kelayotgan so‘zanalar xalqimizning boy madaniy merosi hisoblanadi. Xalq amaliy-bezak san’ati turlaridan biri hisoblangan  kashtalik yo‘nalishini saqlab qolish,  kelajak avlodga yetkazish barchaning birdek vazifasi bo‘lishi zarur.

Festival oldidan ko‘pchilikka nomoyish etiladigan ushbu so‘zanani yaqin kunlarda Ginnesning rekordlar kitobi kiritish uchun mutaxassislarini taklif etish rejalashtirilgan.

 Nargiza Rahmatullayeva

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring