Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyalarning qay biri o‘g‘ri?

Sudyalarning qay biri o‘g‘ri?

Kuni kecha Xabar.uz saytidagi «Ikki yilda besh marta sudlangan ayol» sarlavhali maqolaga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Sirdaryo viloyat sudi sudyasi A. Kuramatov va JIB Xovos tuman sudi sudyasi A. Madaminov «hammuallifligida yozilgan» mazkur maqolani «Sirdaryo xabarlari» telegram-kanalidan olingandi. 

Oradan bir kun o‘tmay, maqolaning «misi» chiqqaniga nima deysiz?! Ya’ni, ushbu maqola roppa-rosa bir oy burun «Kuch – adolat»da gazetasida bosilgan ekan (2020-yil, 20-noyabr). Eng qizig‘i, gazetada maqola muallifi sifatida JIB Zangiota tuman sudi sudyasi A. Nurmatov ko‘rsatilgan!

«Kuch – adolat»da gazetasi.

Zangiota qayerda-yu Sirdaryo qayerda? Ikkita maskan bir viloyatda bo‘lsayam tushunish mumkin: bitta hukm haqida bir necha nafar sudya maqola yozibdi-da, deb...

U yog‘ini so‘rsangiz, sarlavha va maqolada tilga olingan shaxslarning ismi-sharifi o‘zgartirilganini aytmasa, matn (nuqta, verguligacha) bir xil?!

Muhtaram sudyalar mualliflik huquqini da’vo qilib, bir-birining yoqasidan olishi ehtimoli yo‘q darajada, albatta. Chunki, surishtirib kelinsa, «sermuallif» maqolaning asl muallifi birorta qalamkash bo‘lib chiqishi aniq. 

Ammo hozir gap bunda emas.

Gap sudyalarning bevosita vazifasi hisoblangan ishga o‘ta-o‘ta yuzaki yondoshayotganida.

Ma’lumki, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari huquqiy targ‘ibot ishlariga ham mas’ul hisoblanadi. Jumladan, sudyalar ham. Ular bunday vazifani ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish orqali amalga oshiradi odatda. Chunki, vaqti-vaqti bilan topshiriladigan hisobotida asosiy faoliyat yo‘lanishlari qatori huquqiy targ‘ibot borasida nimalar qilgani ham so‘raladi-da. E’tiborlisi, OAVda qanday chiqish qilindi, mavzu nima, undan o‘quvchi ma’naviy-huquqiy ozuqa oladimi-yo‘qmi – ahamiyatsiz, biror nashrda ism-familiya-yu lavozimi ko‘rinsa bas, shuning o‘zi «otchyot uchun»in yetarli...

Holbuki, bugun sud-huquq tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda soha xodimlaridan yuzaki emas, balki salmoqli chiqishlar talab qilmoqda. Bu boradagi ishlar do‘ndirib qo‘yilmayotganiga yarasha bitta maqola muallifligiga «navbatda turib», ko‘z bo‘yash, juda yumshoq aytganda, uyat emasmi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring