Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlarining katta qismi ishdan olindi
Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. U o‘ta keskin ruhda kechib, tizimda har bir yo‘nalish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil etildi, deyiladi vazirlik xabarida.
Joriy yilning o‘tgan 11 oyida Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan jami murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga ko‘payib, 57 600 tani tashkil etgan. Ularning eng katta qismini sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar tashkil etadi.
Eng achinarlisi, aholi ko‘p hollarda joylarning o‘zida hal bo‘lishi mumkin bo‘lgan oddiy masalalar uchun ham Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari, Bosh vazirning virtual qabulxonasi, Bosh prokuratura va boshqa mas’ul idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Ayrim kasalliklar ko‘rsatkichlari yil sayin oshib bormoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish holatlari 20 foizga ko‘paygan.
Qolaversa, bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya bo‘lgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning og‘ir asoratlari – ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan.
Tibbiyotda davlat xususiy sherikchilik munosabatlari, tibbiy sug‘urta, litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish, sohani raqamlashtirish yo‘nalishlarida ishlar yetarli darajada tashkil qilinmanganligi tufayli ko‘zlangan natijalarga erishilmayapti.
Shundan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatining o‘z faoliyatida natija bermagan 40 foiz xodimlari vazifasidan ozod etildi va ularga quyi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilindi.
«Vazirlik doirasida boshlangan kadrlarni yangilash islohoti kelgusida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, umuman, mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olishi ko‘zda tutilgan», deyiladi vazirlik bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter