SSV: Maktablarda koronavirus epidemiyasiga qarshi choralar kuchaytiriladi
![SSV: Maktablarda koronavirus epidemiyasiga qarshi choralar kuchaytiriladi](https://static.xabaruz.com/crop/2/7/720_460_95_2766952767.jpg)
Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasini kirib kelishini oldini olish maqsadida qator vazirlik, qo‘mita va agentliklar bilan hamkorlik qilib, ushbu muassasalar tasarrufidagi idora xodimlarini dunyodagi bugungi qaltis epidemik vaziyatdan ogoh etib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
Kuni kecha vazirlik yurtimizdagi mavjud 9950 ga yaqin umumta’lim muassasasida tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali xodimlar va o‘quvchilarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi bilan qo‘shma qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida profilaktika choralari va nazoratini kuchaytirish, ushbu masalada ogohlikni oshirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, mas’ullar ishtirokida ertalabki filtrni tashkil etish, maktabga kelmagan xodim va o‘quvchilarning ahvolidan xabar olish, o‘tkir respirator kasallik belgilari aniqlangan o‘quvchilarni zudlik bilan ota-onasi va hududiy oilaviy poliklinikaga xabar berish kabi qator vazifalar aniq belgilab berildi.
Shuningdek, ushbu hujjatda dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlar hamda sport musobaqalarini zarurat bo‘lmasa o‘tkazmaslik, ayniqsa, chet el fuqarolari va xorij davlatlarida bo‘lib kelganlarning ta’lim muassasalariga ishga, ularning farzandlarini esa vaqtincha karantin davrida o‘rta maktabga qabul qilmaslik choralarini qat’iy ko‘rish bilan bog‘liq vazifalar ham aks etgan.
Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar, jumladan, ta’lim muassasalarida tozalik va dezinfeksiya tadbirlarini kuchaytirish, o‘quvchilarning qo‘llarini tez-tez sovun bilan yuvish, aksa urganda albatta tirsak bilan yopish va boshqa gigiyena qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, har tanaffus vaqtida sinfxonalarni shamollatish, muassasalarda kundalik tozalov ishlarida dezinfeksiya vositalaridan doimiy foydalanish choralarini ko‘rish kabi profilaktik tadbirlarni qat’iy amalga oshirish ko‘rsatib o‘tildi.
Umumta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha har bir ta’lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
«Sog‘liqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiya sur’ati har soatda tez o‘sib borayotganligini hisobga olib, mamlakatimiz bilan Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Afg‘oniston kabi qator davlatlarga parvozlar cheklanib, vaqtincha to‘xtatilganligi ayni muddao bo‘ldi, deb hisoblaydi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter