SSV: Bolalarga bir yoshgacha choy berish mumkin emas
Sog‘liqni saqlash vazirligi «Bolaning sog‘lom ovqatlanish haftaligi» doirasida bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning qo‘shimcha ovqatlanishi bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqdi.
Undan ota-onalar uchun bir qator muhim va kerakli maslahatlar o‘rin olgan.
Xususan:
Chaqaloq olti oyga to‘lgach, shifokor tavsiyasi asosida unga ona sutidan tashqari bo‘tqa, sharbat va pyure ko‘rinishida qo‘shimcha ozuqalar berish mumkin. Sababi tez rivojlanayotgan murg‘ak organizmning ehtiyojlari ona suti bilan to‘la qoplanmaydi.
Go‘dakni qo‘shimcha taom bilan ona sutidan oldin oziqlantirish kerak. Bolaga bunday yegulik ikki hafta davomida berilgach, uchinchi haftadan bir martalik qo‘krak bilan ovqatlantirish o‘rniga almashtiriladi. Ular tarkibi sabzavot bo‘tqalaridan tashkil topgan bo‘lishi lozim.
Dastavval, bo‘tqa oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi. Shuni yodda tutish lozimki, bu yoshdagi go‘dakka bir paytning o‘zida ikkita qo‘shimcha taom berilmaydi. Bola birinchi qo‘shimcha ozuqaga ko‘nikkach, ikkinchisiga o‘tish mumkin.
Kichkintoy 7 oylik bo‘lgach, unga ikkinchi qo‘shimcha taom – bo‘tqalar (mannali, grechkali) berilib, 2 hafta ichida ikkinchi galdagi ona suti u bilan almashtiriladi. Ushbu davrda qaynatilgan tuxum sarig‘ining yarmini haftasiga ikki marta, keyin kunora berish mumkin.
Bola 8 oyga to‘lganda taomnomaga uchinchi qo‘shimcha yegulik sifatida qatiq va tvorog kiritiladi. Dastlab, qatiq oz-ozdan (5-10 gramm) berib boriladi, keyinchalik esa kerakli miqdorga asta-sekin yetkaziladi.
9-oydan boshlab non (pechenelar), olmani bo‘lakcha shaklida berish mumkin.
10-oylikdan boshlab go‘sht qiymasi frikadelkalar;
12-oylikdan – bug‘da pishgan kotletlar beriladi.
Bolaga choy berish maqsadga muvofiq emas. Uning o‘rniga meva sharbati, qaynatilgan suv ichiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter