Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida 142 mingdan ortiq bino va inshootlarning biron-bir hujjati mavjud emas — Bosh prokuratura

Toshkent viloyatida 142 mingdan ortiq bino va inshootlarning biron-bir hujjati mavjud emas — Bosh prokuratura

Bugun Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ekin yerlarini asrash, holatini yaxshilab borishga yer nazoratiga mas’ul idoralar tomonidan yetarli e’tibor berilmagani, buning oqibatida yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy bino va inshootlar qurish, ekin maydonlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, ishchi guruhi tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan xatlovlarda respublika bo‘yicha 3 900 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 6 ming gektar maydonga noqonuniy qurilishlar qilingani, 11 ming gektar yerdan samarasiz va maqsadsiz foydalanib kelingani aniqlandi.

Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan xatlov natijalariga ko‘ra, qariyb 23 ming gektar maydondagi 142 mingdan ortiq bino va inshootlarning biron-bir hujjati mavjud emas, 1 450 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, 855 gektar yerda ob’yektlar noqonuniy qurilgani.

Ayni jarayonda ayrim mutasaddilar yo‘l qo‘ygan jiddiy qonun buzilish holatlari uchrayotganini-ku hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.

Misol uchun, Yangiyo‘l tuman «Yermulkkadastr» xodimlari yer ajratilgani haqida hokimning qalbaki qarorini tayyorlash, qurilmagan uyni go‘yoki qurilgan deb qalbaki kadastr hujjatini tuzish orqali 12 nafar fuqaroga 7 gektar yerni berib yuborgan.

Eng yomoni, ayrim fermerlar ham «yerfurushlik»da boshqalardan qolishayotgani yo‘q. Keyingi ikki yilda 76 nafar fermer ijara asosida o‘zlariga biriktirib berilgan yerlarni noqonuniy sotganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Zangiota tumani «Semurg‘» fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi T. fuqaro P.ga 70 sotix sug‘oriladigan yerning har bir sotixini 5 ming AQSh dollaridan, jami 350 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 50 ming AQSh dollarini olayotganida ushlandi.

Vaholanki, ushbu yer maydoni Zangiota tumani hokimining qarori bilan shu fermer xo‘jaligiga meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sexi tashkil qilish uchun berilgan.

Qibraydagi «Toshkent oazis» fermer xo‘jaligi rahbari I. ham 26 sotix yer maydonini 3 nafar fuqaroga jami 208 ming AQSh dollariga sotib yuborganligi uchun tergov qilinmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring