So‘xga kuchli sel keldi
Joriy yilning 6 avgust kuni soat 17:05larda Qirg‘iziston Respublikasi Batkent oblasti Qadamjoy rayoni tog‘ va adir hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida sel oqimlari hosil bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berib o‘tgan.
Natijada Farg‘ona viloyati So‘x tumani «Navobod» MFY hududidagi «Malbut», «Devayron-Umbara», «Qalacha», «Tul» va «Poloxona» sel yo‘llaridan 30 m3. miqdoridagi sel oqimlari o‘tdi.
Sel o‘tishi oqibatida So‘x tumani hududidan o‘tuvchi «So‘x-Rishton» avtoyo‘lining 80 metr qismiga loy aralash shag‘al, Malbut qishlog‘i xo‘jalik ekin maydonlariga hamda «Umbara» (15 ta xonadon) va «Devayron» MFY (25 ta xonadon) hududlaridagi jami 40 ta xo‘jalik tomorqalari, qo‘shimcha bino va uylarning yerto‘lalariga suv kirgani xabar qilinmoqda.
Tuman hokimligida sel oqibatlarini bartaraf etish maqsadida FVB, IIB, Prokuratura organlari, SSB rahbariyati tarkibidan iborat Tezkor shtab tashkil etilib, FVDqTning tuman xizmatlari kuch va vositalari tomonidan sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirildi.
Sel toshqinlari oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter