Sovuq va zulmat: qishloqliklar ikkinchi darajali odamlar(mi)?
O‘zbekiston xalq shoiralaridan biri «ajdar» deya noligan internet bizga ko‘p narsalarni oshkor qilib qo‘ydi. Eng asosiysi, qishda respublikamiz hududidagi deyarli barcha qishloqlarda «bir xil qo‘shiq ijro etilishi» ma’lum bo‘ldi. Yoshligimizda qishloqda sutkalab elektr berilmasa, mahalliy elektriklarni, ana boringki, mayda rahbarlarni «bir eslash» bilan cheklanardik, «vodiy» yoki boshqa joylarda hamma narsa joyida ekanligi, faqat bizning muzofotga «qarg‘ish tekkan» deya nolirdik. Ammo mana ma’lum bo‘ldiki, ayrim hududlarda ahvol bundanda og‘ir ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda hali u viloyatda, hali bu viloyatda elektr, gaz yo‘qligi, uzilishlar bo‘layotgani haqida chiqishlar bo‘lmoqda.
Jumladan, samarqandlik bloger G‘ayrat Yo‘ldosh o‘z «Telegram» kanalida quyidagilarni yozibdi: «Oxirgi paytlarda «Toshkent siti», «Tez yordamga aviatsiya xizmatini joriy etish», «elektron shaklda ish yuritish» kabi gaplarni o‘qib, ensam qotadigan bo‘lib qoldi. Sababi, bugun hanuzgacha og‘ir ahvolda qolayotgan qishloqlarda odamlar qiynalib yashayotganda unday xabarlar ensani qotiradi-da. Masalan, bugun chiroq soat 6 da o‘chgan edi, soat 10 bo‘lyapti hali yongani yo‘q. Chiroq yo‘qligi sabab mahallamizda antenna ishlamayapti va aloqa umuman yo‘q».
Shuningdek, «Facebook» foydalanuvchilar orasida ham chiroq va tabiiy gazdagi uzilishlardan noliyotganlar juda ko‘p.
Mening o‘zim ham shu kamchiliklarning ichida katta bo‘lganman. Abituriyentlik davrimda kechalari qora chiroqda dars tayyorlardim. (AQShda Sukerberg «Facebook» ortidan milliardlab dollar pul topardi, Ilon Mask esa g‘aroyib elektrokarlar g‘oyasi bilan band edi). Bir kuni uxlab qolib, uyimiz yonib ketishiga sal qolgan. Shu alamlar ichida o‘zimga savol bergan edim: bizda nega sutkalab millionlab odamlar qorong‘ulikda yashaydi, va bunga hech kim aqalli izoh bermaydi? Aholining yarmi (nainki undan ham ko‘proq)ni tashkil etuvchi qishloqliklar shunchalik g‘aribmi, ular ikkinchi darajali odamlarmi? Savollar ko‘p edi, keyin Toshkentda o‘qidim, hamma qulayliklardan bahramand bo‘ldim, bu esa qalbimdagi qishloqlardagi ahvolga norozilikni yanada oshirdi.
Maktab va litseyda o‘qiganimizda budjetdan oylik oladigan ustozlarimizdan ayrimlari ushbu muammoni «kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatida kelib chiqqan ulkan qarzdorlik»ka bog‘lashardi.
Yolg‘on bo‘lmasin, elektr so‘nggi ikki yilda uzilishlarsiz berildi (buni ham hamma viloyatdagilar tasdiqlaydi). Bu «O‘zbekenergo»ning yangi rahbariyat oldidagi reklamasi emasligiga ishonish shu bugungi kunlarda qiyin kechmoqda. Rasmiylar OAV ga intervyu berganda «innovatsiya», «rivojlanish», «texnologiya» degan so‘zlarni ayamay ishlatayotgan davrda qishloqda odamlar oddiy mobil aloqadan foydalana olmay, sham yorug‘ida ovqatlanib, o‘rta asrlar kabi qosh qoraygandan uxlashga yotmoqdalar, o‘quvchilar sham yorug‘ida dars tayyorlab o‘tiribdi. Afsuski, muammoning yana bir jihati bizda elektr va tabiiy gaz masalalari bilan shug‘ullanuvchi ulkan tashkilotlar va ularning hududiy bo‘limlari bor. Ular uzilishlar va nosozliklar haqida xalqqa «g‘iring» deya izoh berishmayapti. Masalan, Kitob tumanida nega sutkada 6 soat elektr berilyapti degan savolga o‘sha tuman elektr tarmoqlari mutasaddisi izoh bermaydi. Elektr bilan ta’minlashning uddasidan chiqa olmayotgan bo‘lsa, sababini tushuntirsin, xalqqa hisob bersin. Menimcha, buning iloji bor. Chiroqning o‘chish sababi ham qorong‘ulikda qolib ketmasin. «O‘zbekenergo» qachon xalq bilan ishlashni, muloqot qilishni o‘rganadi? Falonchi OAV orqali uzilishlar haqida hisob berish shunchalar qiyinmi?
Respublikaning yetakchi internet nashrlaridan birining vakili sifatida qishloqlarda odamlarning qiyin hayotiga javobgar bo‘lgan tashkilotlar ularga vaziyatni tushuntirishi va kelajak qay ahvolda ekanligini izohlashlarini taklif etaman. Balki, shunda muammolar oydinlashib, taklif va munozaralar o‘z mevasini berar.
Yuqori tashkilotlarga iltimosim: qishloq aholisini hadeb xo‘rlayvermang. Shu xalq ishsizlikka, chiroqsizlikka, gazsizlikka va yana hokazo «siz-siz»liklarga chidab keldi. Bag‘rimga shamol tegsin deb poytaxtga kelsa, «jinoyatning hidi kelyapti» deyishadi, «Toshkentning rezina emasligi», «viloyatliklarga propiska berilsa, hammayoqqa odam to‘lib ketishini» ta’kidlashadi. Ularga mayli, qulayliklar bermang, faqat tortib olayotgan narsalaringizni qaytaring. Ular bilan gaplashishni o‘rganing, quloq tuting.
Ulug‘bek Oripov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter