«Soliqdan qochish — jinoyat». Behzod Musayev yangi konsepsiya va tadbirkorlar haqida
![«Soliqdan qochish — jinoyat». Behzod Musayev yangi konsepsiya va tadbirkorlar haqida](https://static.xabaruz.com/crop/7/7/720_460_95_772398057.jpg)
Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Yoshlar press-klubida «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi Prezident farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada Prezident devoni, Prezident huzuridagi Milliy loyiha boshqaruvi agentligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi vakillari, ekspertlar, tadbirkorlar, yoshlar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Behzod Musayev muhokamaga qo‘yilgan soliq konsepsiyasi haqida ma’lumot berdi.
![](http://static.xabar.uz/uploads/1/720__xKbNt5ryz-7CjhYirsqsgo0RfYN3RF8n.jpg)
«Taklif etilayotgan yangi konsepsiya jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq yukini kamaytirish, ularning sonini qisqartirish, soddalashtirish va stavkalarini pasaytirishni nazarda tutadi. Bu orqali tadbirkorlarga nihoyatda keng imkoniyat va qulayliklar berilyapti. Dunyo tajribasi bilan taqqoslab ko‘rsangiz bunga o‘zingiz ham ishonch hosil qilasiz.
Yillik daromad miqdori bir milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun berilayotgan soliq imtiyozlaridan egri yo‘lda foydalanishni maqsad qilayotganlar ham bor. Ayrim tadbirkorlar «ilgari xodim sonini yashirgan bo‘lsam, endi daromadlarimni yashiraman» deb aytganlarini eshityapmiz. Shuni unutmangki, bizda ham, butun dunyoda ham soliqdan qochish — jinoyat hisoblanadi.
To‘g‘ri, ilgari soliq yuki og‘ir edi. Shuning uchun ham soliqdan qochish holatlariga u qadar jiddiy e’tibor berilmagan bo‘lishi mumkin, ammo endi boshqacha bo‘ladi.
![](http://static.xabar.uz/uploads/1/720__CyQf9bzeyVbZdFvSilsJRM35_2q_3RMK.jpg)
Davlat soliq yukini kamaytiryaptimi, har bir tadbirkor davlat budjetiga hissa qo‘shishni o‘zining burchi deb bilishi kerak. Daromadim bir milliard so‘mdan oshsa, yangi firma ochib, soliqni chetlab o‘taman deb o‘ylayotganlar adashadi. Bunday holatlarga qarshi kurashish uchun bizda hamma imkoniyat bor, kompyuter orqali buni darhol fosh etamiz va ular bilan boshqacha gaplashishga majbur bo‘lamiz», — dedi Musayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter