Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Soliq to‘lab... sarg‘aydim!»

«Soliq to‘lab... sarg‘aydim!»

Illyustrativ surat

Roziya ayaning nomida Andijon shahrining Buyuk Turon mahallasida joylashgan bittagina xonadon bor. Oilasi bilan shu yerda yashab kelyapti. Farzandlarini o‘qitdi, oliy ma’lumotli qildi, ortiqcha mol-mulkka oshinmadi.

Endi bu yog‘ini so‘rasangiz, aya esini taniganidan beri birorta oltin baliq yoki ko‘zadan sehrgar jin chiqib, uy-joy sovg‘a qilmaganligi ham rost gap. Mahallaga pensiya tarqatayotgan bankir yigitlar bilan kelgan soliq inspektoriga ikkita uyi yo‘qligini tushuntirolmay joni halak bo‘ldi! Roppa-rosa bir oy avval DSIga borib, yer va mol-mulk solig‘ini to‘lab kelgan edi. To‘lov pattasi ham bor. Ammo soliqchi tushmagur qani endi buni tushunsa? «Ikkita uchastkangiz bor, tamom. Pensiyangizdan ushlab qolaman!»

Mojaroga mahalla raisi aralashdi. «Ikkita uchastkasi yo‘qligiga men kafilman», deb jig‘ibiyroni chiqdi. Yana u «Bu yerda qandaydir tushunmovchilik bor. Pensiyasiga nimaga chang solyapsizlar?» — dedi.

Alqissa, salkam yarim soatlik diqqatbozlikdan so‘ng onaxonga pensiya pulini berib yuborishdi. Dilxiralik esa xayolidan ketmay qoldi.

Axir shu yil 12-oktyabr kuni soliq idorasiga borib tekshirtirgan, jami 204 ming so‘m qarzi borligini aytishgan. Inspeksiya binosida «Ipotekabank»ning kommunal kassasi joylashgan ekan. Darhol qarzini to‘lagan. Shundan keyin, mana, tag‘in «ikkita hovlingiz bor, ikkitaga to‘laysiz», degan ma’lumotga duch keldi. Roziya aya «Shoshmay tur-chi, rahbaringga borib, adabingni berdiraman!» deya Andijon shahri davlat soliq inspeksiyasiga keldi.

Chuchvarani xom sanagan ekan: rahbarni ham, o‘rinbosarlarini ham topishning imkoni bo‘lmadi. Inspeksiyaning hali u, hali bu xodimiga uchrayverib, to‘rt soat sarg‘aydi. Buning ustiga, inspektorlardan biri kaftdek qog‘ozga mol-mulkdan 62 ming, yer solig‘idan 76 ming so‘m qarzingiz bor, deb yozib berdi. Aya «Mana kvitansiya! To‘laganman!» degan e’tiroziga «Muammoni bank hal qiladi!» degan sovuqqina javobni oldi. Kassaga borsa, «Pulingizni o‘sha kuniyoq o‘tkazganmiz», deb izoh berib turishibdi.

Hayron bo‘lyapsizmi? Qarzini to‘lagan, hujjatlari bor, ammo pullar yerga kirib ketganmi, osmonga uchib ketganmi  hech bir soliq xodimi tayinli gap aytmadi. «Falonchiga uchrang, pistonchiga uchrang...» deb ovorayi sarson qilishdi. «Alovuddinning sehrli chirog‘i» filmi qahramoni aytganidek, «Tushda ko‘rgan o‘ng bo‘lolmas, o‘ngda ko‘rgan tush bo‘lolmas. Tush bilan o‘ng  o‘ng bo‘lolmas, o‘ng bilan tush  tush bo‘lolmas...» deganlari shu-da!

Roziyaxon Abdurahmonova tahririyatimizga keldi. Muammoga oydinlik kiritishga urindik. Shahar davlat soliq inspeksiyasining soliq to‘lovchilar bilan ishlash bo‘limi inspektori Umidjon Azizov «Bu masalada prognoz bo‘limiga uchraysiz», deb yo‘l ko‘rsatdi.

Prognoz bo‘limidagilar esa menga: «Fuqarolar tomonidan to‘langan soliq summalari ayrim hollarda texnik nosozlik tufayli bazada ko‘rinmay qolyapti. Botirjon degan hamkasbimiz to‘lov masalasiga aniqlik kiritib beradi. Dasturga uning kompyuteri orqali kiriladi. O‘shanga uchrang. Ammo Botirjon bugun ishga chiqmadi», deb boshlarini sarak-sarak qilishdi.

 Bir vaqtning o‘zida soliq, kadastr idoralari hamda davlat xizmatlari agentligi kompyuter bazasida ko‘rinib turadigan yangi dastur ishga tushgan,  deydi inspeksiyadan Buyuk Turon mahallasiga biriktirilgan inspektor Eldorbek Fozilov.  Fuqaro to‘lagan pul soliq bazasida turibdi. Uni kadastr bazasiga biriktirib qo‘yilsa, boshqa muammo yo‘q.

R.Abdurahmonovaning nomida ikkita uy-joy bor, deb ayyuhannos solishdi. Bu haqda shu yilning 30 avgust sanasida yashash manziliga ikki xil to‘lov xabarnomasi yuborildi. Qarang, har ikki hujjatda manzil bir xil, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami bir xil, biroq kadastr raqamlari har xil. Bu kompyuterning xatosi emish. Bugun soliq inspeksiyasiga kirib, murojaat qilayotgan fuqarolarni kuzatsangiz, kompyuter bazasidagi chalkashliklar ko‘pchilikni sarson qilyapti.

Viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Andijon shahar filiali mutaxassisi Ilhomjon Dolimov bu masalada odamlarga tushuntirish kerak, deb hisoblayapti.

 Roziyaxon aya bunday mashmashaga duch kelgan yagona soliq to‘lovchi emas. Yaqinda bir fuqaro ham soliq qarzi ko‘payib ketganligini aytib, murojaat qildi,  deydi u.  Uning identifikatsiya raqami (STIR)ga ikkita uy biriktirib qo‘yilgan ekan. Soliq inspeksiyasidan bizga yuborishibdi. Uch tomonlama dastur yordamida aniqlik kiritdik: boshqa bir fuqaroning nomidagi uy-joyga, haqiqatan ham, soliq xodimlarining xatosi tufayli uning STIR raqami tushib qolgan ekan. Darhol xatoni tuzatdik...

Ko‘ryapsizki, zanjirli halqaga o‘xshash soliq-kadastr bazasidagi xatoliklar ko‘pchilikni sarson qilyapti. Bu hol davlat xizmatlari agentligida ma’lumotnoma taqdim etish jarayonida ham uchraydi. Chunki «zanjir»ning bir uchi agentlikka bog‘lanadi.

Darvoqe, Roziyaxon ayaning shikoyati bo‘yicha Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasidan rasmiy izoh olish uchun borganimizda, navbatchi xodimlar texnik vositalar, xususan, qo‘l telefoni bilan ichkariga kiritmaymiz, deyishdi. Soliq tizimida shunday qoida bormi?

Holbuki, O‘zbekiston Respublikasining «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunida «Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida... mansabdor shaxs qabulida bo‘lish; ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega»ligi belgilab qo‘yilgan. Shunday qilib, surishtiruv jarayonidagi «to‘siq»lar tufayli fuqaro murojaatini o‘rganish yarim yo‘lda qoldi.

Nurillo No‘’monov,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring