Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vazirligi Chiroqchidagi tibbiy xizmat bilan bog‘liq holatga izoh berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Chiroqchidagi tibbiy xizmat bilan bog‘liq holatga izoh berdi

Foto: «O‘zA»

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida «Tibbiyot. Chiroqchi. Osmon uzoq, yer qattiqmi?» sarlavhasi ostida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi 60-qishloq oilaviy poliklinikasi va tez tibbiy yordam shoxobchasi faoliyati bilan bog‘liq material chop etilgan edi. Unda ushbu QOP hududning eng chekka – Dursun qishlog‘ida joylashgani bois, boshqa hudud aholisi tibbiy xizmatdan foydalanishda turli muammolarga duch kelayotgani bayon etilgan edi.

Maqola yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 60-qishloq oilaviy poliklinika oltita qishloqning 17 ming nafardan ortiq aholisiga xizmat ko‘rsatib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Bu yerda 6 nafar oliy ma’lumotli shifokor, jumladan, bir nafardan xirurg va akusher-ginekolog hamda 27 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, mazkur QOP yonida Dursun tez tibbiy yordam shoxobchasi ham aholiga tun-u kun faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.  

Shu o‘rinda aytish joizki, hududning chekka qismi hisoblangan Qahramon, Xo‘jaqo‘rg‘on, Bo‘yrachi va Mikob qishloqlari aholisini tez va ixtisoslashgan tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida mazkur 60-QOPning Xo‘jaqo‘rg‘on filiali ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa tumandagi eng olisda joylashgan 8 ming nafarga yaqin aholini uzog‘ini yaqin qilmoqda. Ammo yuqoridagi materialda ta’kidlanganidek, hududning Buyrachi va Mikob qishloqlari ushbu davolash muassasasi filialidan 4,5 kilometr uzoqlikda joylashganligi bois, bu yerda istiqomat qiluvchi 1122 nafar aholining e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimlari ushbu ikki qishloq aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazib, hududdagi mahalla faollarining taklif va mulohazalari bilan yaqindan tanishdi. Natijada, 60-QOPning Xo‘jaqo‘rg‘on filiali binosini homiylar va tuman tibbiyot birlashmasi hisobidan kapital ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Eng muhimi, mahalla faollari bilan 2020-yilda Investitsiya dasturi doirasida Xo‘jaqo‘rg‘on qishlog‘ida yangi QOP qurilishiga kelishib olindi. Bundan tashqari, endilikda filialda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 6 nafar shifokorlarning jadval asosida kunlik qabulini tashkil qilish, ya’ni, haftaning toq kunlarida xirurg va xaftaning juft kunlarida akusher-ginekolog ko‘riklarini yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Shu bilan birga, umumiy amaliyot shifokorlarining ham har kunlik qabul kunlari tashkil etilishi va 9 nafar o‘rta tibbiyot xodimining bir nafar muolaja hamshirasi doimiy ishlashi, 1 nafar emlash hamshirasining reja asosida emlash ishlarini o‘tkazishi hamda 7 nafar patronaj hamshiraning aholiga doimiy ravishda uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatishiga erishildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring