Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri eski yilni sarhisob qilib, yangi yil rejalari haqida gapirdi

Sog‘liqni saqlash vaziri eski yilni sarhisob qilib, yangi yil rejalari haqida gapirdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 2018-yilda tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlar, bajarilgan ishlarni sarhisob qildi, 2019-yil uchun rejalari haqida gapirib o‘tdi.

"Yakunlanayotgan 2018-yil ham tibbiyotda ana shunday o‘ziga xos islohot va yangilanishlar yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng muhimi, bugungi kunga kelib tibbiy xizmat samaradorligi va sifatiga baho berishda mezonlar butunlay o‘zgardi. Endilikda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning natijasi tahlil qilinganda, statistik ma’lumotlar emas, xalqimiz faoliyatimizga qanday baho berayotgani, aholi davlat tomonidan yaratilgan zamonaviy tibbiy xizmatlardan nechog‘lik bahramand bo‘layotganiga asosiy urg‘u berilmoqda. Tabiiyki, bu tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidan tortib yuqori tuzilmalargacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy e’tiborni inson omiliga yo‘naltirish, tibbiy xizmatning sifati va samaradorligini oshirishga zamin yaratmoqda", deydi Alisher Shodmonov.

Yana bir e’tiborli jihati, davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga ajratilayotgan mablag‘lar yildan-yilga ko‘paymoqda. 2018-yilda sohaga 9,6 trillion so‘m yo‘naltirildi, bu 2017 yildagiga qaraganda 1,4 barobar ko‘pdir. Davlat tibbiyot tashkilotlarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ham yaxshilanayapti. 2018-yilda bu maqsadlarga 914,6 milliard so‘m, ya’ni 2017-yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Joriy yilda 382 ta tibbiyot ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari jadal olib borildi. Buning uchun davlat budjetidan 1,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda “Salomatlik-3” loyihasi doirasida ham qator investitsiya dasturlari amalga oshirildi.

2019-yilda ham xalqimiz salomatligini asrash borasidagi ezgu sa’y-harakatlar izchil davom ettirilib, Davlat rivojlantirish dasturi doirasida 231 ta inshootda 972 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Jahon tibbiyotida kasallikni davolagandan ko‘ra oldini olgan afzal, degan tushuncha tobora keng quloch yoymoqda. Bu ayniqsa, bugungi globallashuv jarayonida dolzarb tus olayotgan yurak, qon-tomir, asab tizimi, saraton, o‘pka, nafas yo‘llari va boshqa yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurashishda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, yuqumsiz kasalliklar mamlakatimiz aholisi salomatligi ko‘rsatkichiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizida qon tarkibida me’yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari mo‘l-ko‘l yetishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat ratsionida meva-sabzavot iste’moli yetarli emas. Ushbu muammolar tufayli O‘zbekistonda yillik o‘lim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

"Prezidentimizning 2018-yil 18-dekabrda qabul qilingan “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shunday dolzarb muammolar yechimi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qarorda tibbiy-profilaktika sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini keng targ‘ib etish borasida tizimli vazifalar belgilandi", deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.

Xususan, ushbu yo‘nalishda 2019 – 2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi va chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, salomatlikka salbiy ta’sir etuvchi ichish, chekish kabi zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan uyg‘unlashtirish bilan bog‘liq muhim loyihalar amalga oshiriladi.

Bu birlamchi-tibbiy profilaktika muassasalari – qishloq vrachlik punktlari, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalari, tumanlardagi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Patronaj ishlarini yanada takomillashtirish talab etiladi. Patronaj xizmati uyma-uy yurib, oiladagi har bir inson, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami – bolalar, o‘smirlar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan doimiy xabar olish, ularga o‘z vaqtida, zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasida ish olib bormoqda.

Endilikda, patronaj ishlari uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Bunda aholining har olti oyda xatlovdan o‘tkazish, xonadonlarda maqsadli patronaj tadbirlarini tashkil etish orqali kasalliklarning oldini olish, ixtisoslashgan tibbiy ko‘makka muhtoj bemorlarga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatish asosiy maqsad etib belgilangan.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish, uning faoliyat samaradorligi va tezkorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar takomillashib boryapti. Sir emaski, ilgari shoshilinch tibbiy yordamga mo‘ljallangan avtotransportlar hatto 10-12 yillab ishlatilardi. Oqibatda manzilga o‘z vaqtida yetib borish, bemorni tibbiyot muassasasiga yetkazish kabi vazifalarni bajarishda muammolar kuzatilardi. Bu kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida oxirgi ikki yil ichida 1450 yaqin yangi avtotransport xarid qilindi. Jumladan, 91 ta “Nissan”, 140 ta “Hyundai”, shuningdek, gumanitar yordam sifatida joylarga 50 ta “Toyota” yetkazib berildi. 231 ta tez yordam mashinasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Bu chora-tadbirlar tez yordam xizmatini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarishga zamin bo‘lmoqda.

Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uch barobarga oshdi. Ya’ni, bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 so‘m miqdorida belgilandi. Bu ko‘rsatkich 2016-yilda 748 so‘mni, 2017-yilda 1627 so‘mni tashkil etardi.

E’tiborli jihati, tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirishga amaliy ko‘maklashish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi. 2019 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi hamda tez tibbiy yordam xizmati faoliyati samaradorligini baholashning namunaviy indikatorlari tasdiqlandi. Tez tibbiy yordam xizmatini aviatsiya texnikasi bilan jihozlash ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, aholi chaqiruvlarini avtomatik belgilash kabi muhim vazifalarni bajarish maqsadida tez tibbiy yordam boshqarmasining avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, Sall markazlarni xalqaro talablarga ko‘ra to‘liq jihozlash, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar va shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish bilan bog‘liq muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.

Aholiga ixtisoslashtirilgan xizmatni yaqinlashtirish borasidagi ishlar ham izchil takomillashib borayapti. Hozirda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni 16 taga yetdi. Shuningdek, tumanlarda 306 ta ixtisoslashgan bo‘limlar, viloyat markazlarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 10 ta filiali tashkil qilindi.

E’tiborli tomoni, ixtisoslashtirilgan markazlarning ushbu filiallari hududlarda mavjud kasalliklar ko‘lami chuqur tahlil etilgan holda, ehtiyoj yuqori bo‘lgan joylarda tashkil etilayotgani ham aholi salomatligi yo‘lidagi ulkan g‘amxo‘rlikdir. Joriy yil davomida respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari mutaxassislarining hududlarga sayyor chiqishlari hisobiga bir yuz o‘ttiz olti mingga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, ikki yarim mingdan ziyod operativ muolajalar bajarildi, shulardan 1594 tasini yuqori texnologiyali operatsiyalar tashkil qildi.

Quvonarlisi, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarda keyingi yillarda 500 dan ortiq davolashning yangi usullari qo‘llanila boshladi, jarrohlik muolajalar 50 foizga, yuqori texnologik operatsiyalar 52 foizga ortgan.

Zamonaviy fikrlaydigan, chuqur bilimli, mas’uliyatni his etadigan, har jihatdan yetuk kadrlar bilan ta’minlash masalasiga ham davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Zero, soha istiqboli, avvalo, kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Shu bois sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar jarayonida tibbiy ta’lim rivojiga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Hozirda mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun 7 ta oliy tibbiy ta’lim muassasasi va ularning 4 ta filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2017-yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali, 2018-yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali ochilishi hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirdi. 2018 yil tibbiy oliy ta’lim muassasalarini bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 2000 nafar talaba tugatib ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 4395 nafar yigit-qiz talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.

Hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali shifokorlar bilan ta’minlash maqsadida 2018-yilda ham davlat grantlari asosida bakalavriatura yo‘nalishi bo‘yicha maqsadli qabul amalga oshirildi. Ushbu kvotalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga muvofiq, yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar talabiga ko‘ra belgilanib, 1548 ta kvota shakllantirildi. Maqsadli tayyorlanayotgan tibbiy kadrlar 3 yildan 10 yilgacha muddatda tegishli xududlarda ishlab berishi to‘g‘risida qaror qabul qilingani joylardagi tibbiyot muassasalarida shifokorlar yetishmasligi muammosi yechimida qo‘l kelayapti.

Bundan tashqari, nafaqaga chiqib ish faoliyatini davom ettirayotgan shifokorlarga 2017-yildan boshlab pensiya puli to‘liq to‘lab berilayapti. Ilgari bunday mutaxassislar ish faoliyatini davom ettirgan taqdirda pensiya pulinining yarmini olardi. Qolaversa, shifokorlar ikki stavkada ishlashiga sharoit yaratildi.

Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Sirdaryo viloyatlarida umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplandi. Qolgan hududlarning ham bu boradagi ehtiyoji 2019-yil bitiruvchilari hisobidan qoplanadi. Birlamchi tibbiyot muassasalaridagi tor mutaxassislar yetishmovchiligi klinik ordinatura, magistratura, qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslari bitiruvchilari hisobiga 2020-yilgacha to‘liq bartaraf etiladi.

Shifokorlar malakasini oshirish, tibbiy ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish ham doimiy e’tiborda. Hozirda mamlakatimiz tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va xorijdagi nufuzli tibbiy ta’lim markazlari o‘rtasida 220 ta hamkorlik shartnomasi imzolangan. Natijada birgina Toshkent davlat stomatologiya institutida joriy yilning o‘zida 2 ta xalqaro fakultet ochildi.

Tibbiyot tizimida yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar tufayli so‘nggi ikki yil ichida yuzga yaqin chet ellardagi nufuzli klinikalarda ishlayotgan vatandoshlarimiz yurtimizga qaytib xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatayotganini ham tibbiyotimizning yana bir yutug‘idir.

Joriy yilda besh yuz nafardan ko‘proq yosh mutaxassislarning chet elda malaka oshirishi, 400 nafardan ziyod xorijlik mutaxassislar yurtimizga tashrif buyurib, tibbiyot muassasalarida mahorat darslarini tashkil etishi tibbiyotimiz oldida turgan dolzarb vazifalarning yechimi yo‘lida yanada muhim qadam bo‘lmoqda.

Jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etish uchun sohada boshqaruvni xalqaro andozalar talablari darajasiga olib chiqish bugungi kunning muhim talabidir. Endilikda bu vazifani hal etish uchun sog‘liqni saqlash tizimiga “klaster” modeli tatbiq etiladi.

2019-yil 1-apreldan ayrim tumanlardagi tibbiyot muassasalarida jahon tibbiyotidagi eng ilg‘or amaliyotlardan bo‘lgan kishi boshiga moliyalashtirish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlanadi. Ushbu eksperiment chuqur tahlil etilib, ijobiy natijalar 2020-yil 1-apreldan boshlab boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi.

Shuningdek, statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish mexanizmlarini qo‘llash, ayrim davolash-profilaktika muassasalarini investorlarga ishonchli boshqaruvga berish, elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish, 2021-yil 1-yanvardan majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etish kabi vazifalar ham belgilab qo‘yilgan. Jumladan, 2019-yil 1-iyulga qadar “Majburiy tibbiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy ham rejalashtirilgan bo‘lib, elektron tibbiyot kartasi, elektron kasallik tarixi va telemeditsina kabi yo‘nalishlar uch bosqichda amalga oshiriladi.

Yana bir yangilik Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilganidir. Ma’lumki, mamlakatimizda keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratilgan. Yangi agentlikning tashkil etilishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish, inson manfaatlarini muhofalash, alohida mehr-e’tibor, ijtimoiy ko‘makka muhtoj har bir inson davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmasligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamdir.

Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018-yil 1-dekabrdan 1,2 baravar oshgan bo‘lsa, 2019-yil 1-apreldan 1,15 baravar oshiriladigan bo‘ldi. Bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, tibbiyot xodimlarining mehnatini munosib rahbatlantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi tuzildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring