Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri AQShning taniqli shifokori Joldas Quljonov bilan uchrashdi

Sog‘liqni saqlash vaziri AQShning taniqli shifokori Joldas Quljonov bilan uchrashdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov AQShning yetakchi klinikalaridan biri — Sent-Luis universitetining Ortopedik jarrohlik departamenti rahbari, taniqli mutaxassis, vatandoshimiz Joldas Quljonov bilan uchrashdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda ushbu davlatga amalga oshirgan tarixiy tashrifi o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochgani alohida ta’kidlandi.

Joldas Quljonov asli nukuslik bo‘lib, 1989-yilgacha Nikaraguada va «Paxtakor» futbol klubi shifokori sifatida faoliyat yuritgan. 1989 — 1995-yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining travmatologiya va ortopediya bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan. O‘shandan buyon tajribali travmatolog-ortoped Amerika Qo‘shma Shtatlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

U ayni paytda AQShda yiliga 700 dan ziyod eng murakkab operatsiyalarni muvaffaqiyatli o‘tkazish bilan birga, universitet klinikasida qator davlatlarning travmatolog-ortopedlariga ta’lim beradi, dunyoning nufuzli tibbiyot markazlarida mahorat darslari olib boradi. J.Quljonov besh marotaba AQShda yilning eng yaxshi shifokorlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

Ushrashuvda vatandoshimiz O‘zbekiston tibbiyotini yanada rivojlantirish g‘oyatda muhim ekanini aytib o‘tdi. Buning uchun esa bor kuch va g‘ayratini safarbar etishga tayyor ekanligiga urg‘u berdi.

Shuningdek, J.Quljonov O‘zbekistonda mo‘ljallagan katta ishlarining boshlanishi sifatida shu yilning 23-iyun – 3-iyul kunlari Sent-Luis va San-Diyegodagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridagi nufuzli neyroxirurg, neyrofiziolog, urolog, travmatolog-ortoped va boshqa shifokorlar guruhlarining mamlakatimizga tashrifini amalga oshirishini bildirdi.

O‘zaro muzokaralar so‘nggida shifokor O‘zbekiston rahbariyatining mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratayotgan e’tibori, qolaversa, Amerikaning sohadagi ilg‘or tajribasini tatbiq qilish natijasida O‘zbekiston tibbiyoti modernizatsiyasi uchun keng istiqbollar eshigi ochilishini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring