Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokor 8-9 million, hamshira esa 3-4 million so‘m maosh olishi mumkin — Prezident

Shifokor 8-9 million, hamshira esa 3-4 million so‘m maosh olishi mumkin — Prezident

Foto: Xabar.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv vaqtida shifokorlar qay tariqa rag‘batlantirilishini ma’lum qilib o‘tdi.

«To‘rtinchi yo‘nalishdagi chora-tadbirlar bevosita tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq.

Bu borada, eng avvalo, sog‘liqni saqlash xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yanada kuchaytiriladi.

Ushbu masala yuzasidan, siz, hurmatli tibbiyot sohasi vakillari tomonidan 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Lekin aslida ular 500 mingdan ziyod barcha tibbiyot xodimlarining taklif va istaklarini ifoda etadi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Barchangizga ma’lum, budjet xodimlarining maoshini har yili oshirib boryapmiz.

Bu yil ham budjet tashkilotlari qatorida, tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham, kamida 10 foizga oshirishni reja qilganmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tomonidan ma’lum qilinishicha, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini yanada rag‘batlantirish maqsadida, joriy yil 1 iyundan:

- tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab, yana 15 foizgacha oshiriladi.
- yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratiladi.
Ushbu mablag‘lar hisobidan:
- alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi;
- yangi ish boshlagan fidoiy yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
«Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsam, misol uchun, hozirgi kunda oliy toifali shifokor 4 million so‘m maosh olsa, endi ish haqining oshishi va yangi ustamalar hisobiga, 8-9 million so‘mgacha maosh olishi mumkin bo‘ladi.
Hamshiralar esa, hozirgi 1,5 million so‘m o‘rniga, toifasi va erishgan natijalariga qarab, 3-4 million so‘mgacha oylik olishi mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring