ShHTga a’zo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga avtosayohat tashkil qilindi
Joriy yilning 19 avgust kuni Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida «ShHTga a’zo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga harakatlanuvchi avtosayohat» loyihasi va uning doirasidagi «XV xalqaro off road festivali» yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Turizm va madaniy meros vaziri maslahatchisi Lola Rahmonboyeva, vazirlik ommaviy tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva, Toshkent viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Bobojonov, «Pokatushki klub» direktori Otabek Olimjonov va boshqa mas’ul shaxslar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Anjumanda nutq so‘zlagan Lola Rahmonboyeva mazkur avtosayohat O‘zbekiston Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitini yuqori saviyada o‘tkazishga doir topshirig‘iga muvofiq, sammitda Samarqand ruhini aks ettirishga qaratilgan turkum tadbirlardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.
Matbuot anjumanida o‘tkazilgan tadbirlar ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Turizm va madaniy meros vazirligi ommaviy tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva «ShHTga a’zo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga harakatlanuvchi avtosayohat» loyihasi va uning doirasidagi «XV xalqaro off road festivali» O‘zbekistonda avtoturizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tadbirlarda ishtirok etish uchun ShHTga a’zo davlatlardan Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Mongoliya hamda MDHga a’zo davlatlaridan Ozarbayjan, Gruziya va Armaniston Respublikalaridan 800 ga yaqin ishtirokchilar (200 ga yaqin yo‘l tanlamas avtomobillar va 10 dan ziyod mahalliy va xorijiy OAV vakillari va bloggerlar hamda 500 ga yaqin tadbir mehmonlari va tomoshabinlar) tashrifi amalga oshirilib, ishtiroki ta’minlandi.
Anjumanda nutq so‘zlagan Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Bobojonov off-road festivali yo‘l tanlamas avtomoblillar ishqibozlari, avtoturizm ixlosmandlari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘lganini aytib o‘tdi.
«Avtoturizm bizda yangi yo‘nalish bo‘lib, tez rivojlanib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili bu festivalga 500 nafar atrofida turistlar kelgan bo‘lsa, bu gal 800 nafar turist off-road festivaliga tashrif buyurdi. Bu esa O‘zbekiston avtoturizmiga qiziqish ortib borayotganini bildiradi. Ta’kidlash kerakki, festival davomida atrof-muhitga zarar yetkazilgani yo‘q», — dedi Jamshid Bobojonov.
«Pokatushki klub» direktori Otabek Olimjonov esa festivalni o‘tkazishdagi tashabbuskorlik uchun Turizm va madaniy meros vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi.
«Ushbu festivalning asosiy yutug‘i – xorijlik avtopoygachilar bilan bevosita tajriba almashildi, – dedi Otabek Olimjonov. – Maqsad O‘zbekistonning eng chekka hududlarigacha yetib borib, yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, avtoturizm borasidagi muammolarni bartaraf etishdir. Bugun chet ellik turistlar O‘zbekistonda avtoturizm jadallik bilan rivojlanib borayotganidan hayratdalar va mamlakatimizga intilishyapti. Bu esa yurtimizda avtoturizmni rivojlantirish uchun juda yaxshi imkoniyatdir».
Matbuot anjumani davomida kelgusida mamlakatimizda djip turizmi va off-road turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oldinda turgan yangi loyihalar haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2021–2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida siyosat, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlarda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida 50 dan ziyod tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter