Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Suv kechib o‘tishga majbur» — Sherobodda ko‘prik bitmasdan qolib ketdi (video)

«Suv kechib o‘tishga majbur» — Sherobodda ko‘prik bitmasdan qolib ketdi (video)

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» telegram botiga Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi ko‘prik bitkazilmasdan chala qolib ketgani haqida videomurojaat kelib tushdi. Qayd etilishicha, avvalgi ko‘prikni bundan 20 yillar avval sel olib ketgan. Shundan buyon aholi ko‘priksiz qiynalib keladi.

«Siz ko‘rib turgan ko‘prik Sherobod tumanidagi Qishloqbozor va Gegirdak qishloqlarini shahar bilan bog‘lashi lozim edi. Uning qurilishi boshlanganiga salkam bir yarim yil bo‘lib qoldi. Bundan avvalgi ko‘prikni 20 yillar avval sel olib ketgan. Ko‘prik qurilishi boshlanganida biz nihoyat qiyinchiliklardan qutilamiz, og‘irimiz yengil bo‘ladi deb o‘ylagan edik, ammo quvonchimiz ko‘pga cho‘zilmadi», deydi murojaat egasi.

Ko‘prik qurilishi yetti oydan buyon to‘xtab qolgan. Uning ostidagi daryo orqali kuniga 500 ga yaqin mashina o‘tib-qaytadi. Daryodagi suv muntazam ravishda yo‘lovchi mashinalarning ehtiyot qismlariga zarar yetkazmoqda.

«Mana shu Gegirdak qishlog‘i hududida qurilayotgan ko‘prik qurilishi to‘xtab qolganligi sababli qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Har kuni shu ahvol», — deydi mashinasi o‘t olmay, suv o‘rtasida to‘xtab qolgan haydovchi.

«Sherobod tumanidagi ushbu ko‘prikning mana yarimi bitkazilgan, ammo qolgan qismining qurilishi to‘xtab qolgan. Rahbarlardan iltimos qilgan bo‘lar edik, ushbu muammoga e’tibor qaratsalar. Iso Termiziy ziyoratgohiga mana shu yo‘ldan o‘tib boriladi. Bir kunda bu yerdan minglab odam o‘tadi», deya qo‘shimcha qiladi haydovchi.

Suv ko‘pligida bu yerdan yosh bolalar, qariyalar va ayollar ham suvni kechib o‘tishga majbur bo‘lishmoqda.

Gegirdak qishlog‘ida yashovchi Omon bobo ko‘prik qurilishi uchun 2020-yilning aprelidan beri yelib-yuguradi.

«Qurilishni tugallash maqsadida tinmasdan harakat qilyapmiz. Bir yili qishda muzda yiqilib oyog‘im sindi... Tuman hokimlariga, rahbarlarga yozaman, ular kelishadi, va’da berishadi, lekin qurilish ishlari yana qolib ketaveradi», — deydi Omon bobo.

Bahor yog‘ingarchilik fasli. Katta sel kelish ehtimoli mavjud. Mahalliy aholi boshlangan ishni kuchli sel havoga sovurishidan xavotirda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring