Shayxontohur tumanida 11 ming kishining bandligini ta’minlash bo‘yicha dasturlar ishlab chiqiladi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
Unda senator, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 10 avgust kuni Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va bunda parlament, deputatlik korpusi hamda jamoatchilik rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning sifati va samarali amalga oshirilishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlanganidek, tumanda kamida 11 ming nafar aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha 4 ta sektor kesimida oyma-oy manzilli dasturlar ishlab chiqilib, uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yilgan.
Tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish doirasida mahalla guzarlari, sport va bolalar maydonchalarini qurish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam berish, kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ijtimoiy, yo‘l-transport sohalaridagi muammolarni hal etish, uy-joy fondi va ijtimoiy soha ob’yektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, «Yoshlar uylari»ni qurish kabi qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishda ham deputatlar va keng jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari, kun tartibidan o‘rin olgan sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida Shayxontohur tumanida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.
Qo‘shma majlis yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kenashi va xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashining tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari to‘g‘risida qo‘shma qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter