Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyevga energiyani tejash bo‘yicha takliflar taqdim etildi

Shavkat Mirziyoyevga energiyani tejash bo‘yicha takliflar taqdim etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 31-oktyabr kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari bu haqda bir hafta oldin kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilishda ko‘rsatma bergan edi. Shu asosida kuz-qish mavsumida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash va bir maromda yetkazib berish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Ma’lumki, iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, turmush darajasi yaxshilangani sari energiyaga talab ham oshib boradi. So‘nggi besh yilda yurtimizda elektr energiyasi iste’moli 20 foizga, jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich yiliga 6 foizdan o‘sib bormoqda.

Shu bois energiya ishlab chiqarish izchil rivojlantirilmoqda, bunga qo‘shimcha suv, quyosh, shamol energetikasi stansiyalari barpo etilmoqda. Shu bilan birga, elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini hisoblash tizimi ham tartibga keltirildi. Endigi muhim vazifa — bu ne’matni qadrlab, tejab, o‘z o‘rnida foydalanish.

Taqdimotda mutasaddilar bu boradagi takliflarni bayon etdi. Xususan, sanoat korxonalarida ish jarayonini optimallashtirish, energiya ishlab chiqarish texnologiyasini modernizatsiya qilish, qozonxonalarni yangilash va ta’mirlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga tabiiy gaz va elektr energiyasini 10 foizgacha qisqartirish mumkinligi aytildi.

Davlatimiz rahbari bu masala yildan-yilga dolzarb bo‘lib borishi, shuning uchun hamma soha va hududlarda energiyani tejashga o‘rganish kerakligini ta’kidladi. Bu pirovard natijada xalqimizni energiya manbalari bilan uzluksiz va barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.

Bugungi kunda dunyoda energiya resurslari taqchilligi sezilmoqda. Shuning uchun ko‘plab davlatlarda energiya sarfini tejash va aholi xonadonlarida issiqlik haroratini mo‘’tadillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Yurtimizda ham bu borada ijobiy tajribalar ommalashmoqda. Masalan, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ko‘chalarni yoritish tizimidan oqilona foydalanish hisobiga bir haftada 50 ming kilovatt-soat yoki 14 foiz elektr energiyasi tejalayotir.

Shu bois mutasaddilarga hududlarga chiqqan holda, energiyani tejash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni izlash vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini oshirish, quyosh panellaridan foydalanishni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi hamda Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi vakolatlarini kuchaytirish, noqonuniy holatlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring